Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika bo‘yicha 2024 yilgi Osiyo chempionatiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi
15:45 / 2022-07-16

2024 yili Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar taqdim etadigan qit’a chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mita a’zosi bo‘lgan 11 nafar delegat to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 9 nafar esa onlayn tarzda qatnashdi. 

Kun tartibiga ko‘ra, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al Mana qit’ada og‘ir atletikani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan chempionatlar xususida so‘z yuritib, O‘zbekistonda boshlanayotgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati nafaqat kuchli sportchilar, balki mutaxassislar uchun ham katta tajriba maydoni bo‘lishini bildirdi. Toshkent tajribasini boshqa mamlakatlarda ham ommalashtirish, andoza olish, o‘rganish lozimligini ta’kidladi. 

Yig‘ilish davomida joriy yil 6-16 oktyabr kunlari Baxrayn davlatida kattalar o‘rtasida o‘tadigan qit’a chempionatiga tayyorgarlikning borishi tahlil qilindi. Bu xususda Baxrayn og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti o‘z hisobotini taqdim etdi.

Shuningdek, kun tartibidan joy olgan keyingi yillardagi qit’a chempionatlari manzilini aniqlash ijroiya qo‘mita a’zolari diqqat e’tiborida bo‘ldi. 

Bildirilgan fikr va takliflar hamda o‘tkazilgan taqdimotlar asosida ijroiya qo‘mita a’zolarining ovoz berishi natijasida 2023 yilgi o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a chempionatini o‘tkazish huquqini Hindiston poytaxti Dehli, kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatini qabul qilishni esa Janubiy Koreyaning Chinju shahri qo‘lga kiritdi.  

Barchaning e’tiborini tortgan masalalardan biri – Parij-2024 olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanmalar taqdim etadigan 2024 yilgi Osiyo chempionati bo‘ldi. Mazkur nufuzli musobaqani o‘tkazishga Hindiston, Turmaniston hamda O‘zbekiston da’vogarlik qildi. 

Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolarining ovoz berishi natijasida O‘zbekiston yana ikki yildan so‘ng Olimpiya yo‘llanmalari o‘ynaladigan qit’a chempionatini qabul qiladigan mamlakat sifatida tanlandi. 

– Og‘ir atletika sportining xalqaro maydondagi rivojida mamlakatimizning o‘z o‘rni bor, albatta. 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar beradigan qit’a chempionatining O‘zbekistonda o‘tkazilishi bu, sportchilarimiz uchun Parij-2024 chiptasini qo‘lga kiritishlari uchun katta imkoniyat. Qolaversa, chempionatning O‘zbekistonda o‘tishi ommaviy sport targ‘ibotida, yurtimizning xalqaro sport maydonidagi obro‘-e’tiboriga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir, – dedi sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov.  

Fikr-mulohazalarga boy o‘tgan ijroiya qo‘mita yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov hamda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jolud faxriy mehmon sifatida ishtirok etib, ishtirokchilarni muborakbod etdi. 

Bugun kunning ikkinchi yarmida poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining kengaytirilgan kongressi bo‘lib o‘tadi. 

T.Ro‘ziyev, 
Yo.Meliboyev (surat) O‘zA