Poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolarini taqdim etadigan qit’a chempionati oldidan tashkil etilgan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining Kongressida 2025 yilgi chempionatlarning manzillari belgilandi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi cport vaziri Adham Ikromov yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, Ijroiya qo‘mitasi a’zolarini qutlab, Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini taqdim etadigan chempionatning O‘zbekistonda o‘tkazilishi o‘ziga xos voqelik ekanini ta’kidladi.

Kongressda qatnashgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud chempionatni yuqori darajada tashkil etilishiga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, O‘zbekiston nufuzli sport msobaqalari markaziga aylanib borayotganini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng Kongress dasturidan o‘rin olgan qator masalalar ko‘rib chiqildi. Kun tartibiga muvofiq, tashkilotning so‘nggi bir yil davomida har bir yo‘nalishda amalga oshirgan ishlari tahlil qilinib, oldinda turgan musobaqalar va boshqa sport tadbirlariga ko‘rilayotgan tayyorgarliklar sarhisob qilindi.

Yig‘ilish davomida 2025 yilgi musobaqalar taqvimi borasida ayrim qarorlar e’lon qilindi. Xususan, 2025 yil o‘tadigan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligiga nomzod davlatlar orasida Hindiston, kattalar o‘rtasidagi bahslar mezbonligi borasida esa Xitoy davlati ushbu musobaqalarni o‘tkazish huquqiga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA