Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘g‘il o‘stirayotganlar e’tiborli bo‘lishsin: onalar aslo otani o‘g‘liga yomonlamasligi kerak...
12:09 / 2021-05-03

Farzand yurt boyligi, uning tarbiyasi va ilmi el ko‘rki. Tarbiya borasida ayniqsa o‘g‘il bolani yoshligidan hislari haqida gapirishga o‘rgatish darkor. U yuragidagi gaplarni hammaga emas, faqat bir kishiga aytsin.

 Masalan, o‘z onasiga.  O‘g‘ilga go‘daklikdan erkaklik sifatlari nima ekanligini tushuntirib borish kerak. Bu sifatlarni kinoda, gapning ichida, ertaklarda emas, hayotdagi jonli insonlardan topishi va ko‘rishi lozim. Buning uchun ona aslo otani o‘g‘liga yomonlamasligi kerak. Har qanday holda padarbuzrukvor o‘g‘ilning dunyoga kelishiga bosh sababchi. Mayli, bugun otada ba’zi qusurlar bo‘lsa, ertaga  u butunlay boshqa tarafga o‘zgarsa, o‘g‘il hijolatli va gunohkor bo‘lib qolishi mumkin. Har qanday holatda ham otani bor tabiati bilan farzandlar oldida obro‘sini ushlab turishimiz kerak. Hayotda bolalariga otasini yomon otliqqa chiqarayotgan ayollar uchramoqda. Shu bilan ona bolaning tarbiyasini buzmoqda. Go‘yoki tarbiyani o‘z tarafiga og‘dirsa, yaxshi bo‘ladiganday.  Bu eng yomon odat. O‘g‘ilning otaga mehrini oshiruvchi

inson albatta ona. Birgalikda tarbiya o‘g‘ilda bo‘lgandagina odamlarga ishonadi, o‘z tuyg‘ularini chuqurroq anglaydi va yurak xastaliklaridan uzoqroq yuradi. Bolaga qattiq turish, kaltaklash bu erkakona tarbiya deb o‘ylashadi ba’zi onalar. Ba’zilari esa kimdandir bola qo‘rqishi kerak deyishadi. Kaltaklash bu erkak tarbiyasi emas, kimdandir qo‘rqitish qo‘rquvni bola ichiga kirgazishdir. “Otang kelsa ko‘rasan, bir taziringni berdirib qo‘yaman”, deb, onalar otani qo‘rqitish vositasi deb qilib oladilar. Bunday bolalar qo‘rqoq, o‘z fikrini ham ayta olmaydigan zulmkor bo‘lib, kelgusida yoshligida unga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsalar, farzandlarini ham kaltaklab katta qilishni davom ettiradi. Otasi qilgan ishni qiladi. Onalar ichadigan otani ichmaydi deb bolani aldash va yolg‘on gapirish kerak emas. Borini aytish va otani bu holatdan chiqib ketishiga umid qilib ishonch berish to‘g‘ri tarbiyadir. Men tarbiyachi pedagog sifatida onalardan iltimos qilar edim, bolangizga hech qachon otasini yomonlamang, otaning xatolarini, qilig‘ini omil sifatida aytishingiz mumkin. Bu xatolarni takrorlash kerak emasligini birga suhbat tarzida kelishib olish lozim. Otaga qanday yordam bera olish haqida ham suhbat qilish, bolaning ichki kechinmalarini davolaydi.

Bola bilan otaning suhbatidan qo‘rqish kerak emas. Bunday suhbatlarni dasturxon atrafida ona tayyorlagan tansiq ovqatlar yoki bir piyola choy, kofe ustida uyushtirilsa, ayni muddao. Farzand o‘z aqli bilan onasiga ham, otasiga ham baho bera oladi. Aylanma yo‘llar qidirish, ko‘chada ovqatlanib, ro‘zg‘orni haminqadar o‘z holiga tashlab, muzlatgichlarda bolaning hatto tolmaschoyi uchun ham yegulik narsasi bo‘lmay bo‘shab qolishi  bolani sizga bo‘lgan hurmatini yo‘qotadi. Qorni to‘q bola otasiga mehrli bo‘ladi. Farzandingiz otasi gapidan «hafsalasi pir» bo‘lib, xafa bo‘lsa ham bu xafagarchilik tagidagi fikrlarni o‘rganing. Sog‘lom o‘g‘ilni xohlagan ota-onalar yaxshi yedirish va kiydirish, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb etishi shart. Buning uchun ikkilamchi xarajatlardan voz kechib, kuchni shularga sarflash darkor. O‘g‘il o‘z otasidan uyalishi kerak emas, aksincha otasiga to‘g‘ri yo‘l topishi uchun biror so‘z topib ayta olishi muhim.

Xuddi shuningdek onaga ham oson emas. Ota ham o‘z navbatida o‘g‘liga o‘z onasini yomonlash bolaning diydasi qattiqlashishiga olib keladi. Nima bo‘lganida ham bolaning o‘z aqli, farosati, mehri bor. Mehr qahrga aylanishi hammani baxtsiz qiladi. Bolangizda otaga nisbatan nafrat uyg‘onishi, ertaga dunyoga va sizga ham qarshi nafratga aylanish qonuniyati bor. O‘g‘lingizga nisbatan hurmat doirasida erkakcha munosabatni shakllantiring. O‘g‘ilga tazyiq va xo‘rlik ko‘rsatmang. Tabassum bu boylik. Oilangizni ichki kuchi tabassumdan boshlanadi. Sizga yordam bermoqchi bo‘layotgan bolangizga rahm o‘rniga, tabassum in’om qiling, kuchli bo‘ladi. O‘g‘il bola tabiatan yaratuvchan bo‘ladi. Farzandingiz nimaiki yangi ish boshlamasin, qo‘llab turing.O‘g‘il bolaning eng katta boyligi va yutug‘i – o‘ziga ishonch tuyg‘usi. Hozircha u o‘ziga ishonchni ahil ota-ona orqali oladi, qilayotgan ishlariga ota-onasining nazari bilan baho beradi. Mehnat kishini tarbiyalaydi O‘g‘il bolani has-po‘shlab erkalatmang, mehnatga o‘rgating. Dunyoda eng yomon narsa dangasalik. Kambag‘allik va boqimandalik boshi ham aslida shu illatlar.

Yoshlarda g‘ayrat ko‘p, bekor o‘tirgandan biror ish qilsin. Mayli, qo‘shnisiga qarashsin. Shahar sharoitida ko‘p qavatli uylar oldiga qarang, qanchadan-qancha yerlar bo‘sh yotadi. Nahotki, shu yerlarni birgalashib o‘g‘il nabira yoki farzandlar bilan obod qilib bo‘lmaydi?  Birgalikda kitob va biror ishga doir tavsiyalar o‘qing. Mutolaaga qiziqishi kerak. ”Hovlida uzum yetishtirish”, ”Mayda remontlar” kabi kitobchalarni ommaviy nashr qilish vaqti kelmadimi? Afsus, hozir oilalarga gazeta va jurnallar yetib kelmay qo‘ydi. Ilgari birga oila davrasida o‘qilardi. Hozir ham birga o‘qiymiz, desangiz albatta qiziqadi. Kitob do‘konlarini birga aylaning, harid qiling. Qiziqishlarini aslo bo‘g‘mang.

Mayli, u “ketka”lar yig‘ib, butun uyga sochib tashlasin yoki to‘p o‘rniga “baklajka” tepib, quloqni qomatga keltirsin. Kim biladi, siz bo‘lajak ustomon broker yoki mashhur futbol yulduzini tarbiyalayotgandirsiz?! Erkaklardan kimgadir taqlid qilishiga qo‘yib bering. Messi yoki Shomurodov, Bill Gets, Stiv Jobs – farqi yo‘q. Alpomishga taqlid qildirolsangiz qani edi?  Bu zotlar o‘g‘lingiz oldiga qo‘ygan marradir.

Qizlarga nisbatan munosabatni o‘g‘lingizga bolaligidan hurmat tarzida o‘rgating. Ayniqsa, opa va singillar, qo‘shni va sinfdosh qizlarni, shunda katta bo‘lganida o‘g‘il o‘z oilasini hurmat qiladigan bo‘ladi. Singlisini turtish, bog‘cha yoki maktabdagi qizlarning sochidan tortish – bularning bari mumkin emasligini avval tushuntirish, bu ish bermasa, jazolash orqali o‘g‘lingizning ongiga singdirish kerak. O‘zingiz hurmatga loyiq ota-ona bo‘ling. Qarz ikki qo‘ldan, tergayveradigan, qarg‘ayveradigan, so‘kaveradigan ota-onalardan bola zohiran nafratlanib qoladi. Bolani qarg‘ash, so‘kish unga baqirish, birovlarni yomonlash, nomaqbul so‘zlarni aytish, aldash… Xullas, bularning baridan tiyilishga harakat qiling. Nafaqat ularni, balki oddiy suhbatlarda madaniyatli gapirilsa, ayni shu odat farzandlarga nushalanadi.  

Odob-axloq qoidalarini o‘rgating. Dasturxonga kattalardan avval qo‘l uzatmaslik, o‘zidan kattalarga joy berish, qoshiqni to‘g‘ri ushlash – bu mayda-chuydalarni bee’tibor qoldirmasangiz kelajakda xalqdan duo olib keladigan o‘g‘ilning ota-onasiga aylanasiz. Mahtumqulining “Yigit kishining aslin bilgin kelsa, ma’rakada o‘tirib turishin ko‘r”,  degan mashhur iborasi o‘g‘il tarbiyalayotgan oilalarga shior bo‘lishi kerak. Biron narsaga ishonsa, ishonchini sindirishga shoshilmang. Ertak va multfilm qahramonlariga ayniqsa, Qorboboga, Hizr buvaga, sehrli tayoqcha yoki "Sariq devni minib" dagi Hoshimjon qalpoqchasiga… Bularning bari ezgulikka xizmat qiladigan obrazlar.

 Ba’zan muloyim bo‘lish ham kerak.

O‘g‘il bola yumshoq supurgi emas, bu to‘g‘ri. Biroq, o‘rni kelganda muloyimlik, ya’ni diplomatiya bilan ishini bitirish mumkinligini ham bilsin. Kiyimlarini iflos qilishga haqqi borligini unutmang.

Axir u o‘g‘il bola! Bo‘lmasa, qanday koptok tepadi, qumdan chiroyli uylar quradi yoki velosiped uchishni o‘rganadi? Mana shunday paytda ota-onalarni norozi bo‘lib ovozlarini baland qo‘yganlarini ko‘p guvohi bo‘lganman.

 Birga tez-tez sayrga chiqing. Velosiped uching. Har bir oilada oilaviy velosiped bo‘lishiga ham odatlanaylik endi. Ba’zida o‘g‘lingizning aybini ham berkitishga to‘g‘ri keladi. Agar aybini otasiga aytib jazo bersangiz, yarim obro‘ingiz ketdi deb hisoblayvering.

Boshqalarga hamisha yordam berishga o‘rgating. Aslo hudbin va egoist qilmang. Sen birovga yordam bersang, boshqalar kun kelib, senga yordam berishadi, deb qulog‘iga quyish lozim. Shu aqidani bolaning ongiga singdiring. Shundagina unda odamlarga yaxshilik, savob ishlar qilishga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Tajriba vaqt o‘tishi bilan har ishda qo‘l kelishini tushuntiring. Biron narsani uddalay olmasa, bu bilmaslikdan emas, tajribasizlikdan. Vaqti bilan tajriba paydo bo‘ladi va u ishni eplab ketadi. Asosiysi, tajriba orttirishdan charchamasin. Mana hozir ko‘pgina o‘quvchi bolalar kompyuterlar uchun dasturlar yaratib mustaqil mablag‘ topishmoqda. Shu bolalar yoshligida sho‘x va to‘polonchi bo‘lishgan. Bunday bolalar tez quyiladi.

“Nega”larini javobsiz qoldirmang. Ba’zan bolajonlar shu so‘zni o‘yinchoqdek o‘ynashayotgan va sizning sabringizni sinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida, unday emas. Savol bermay qo‘yishidan Xudo asrasin. Bu o‘g‘lingizning ongi rivojlanmayotgani belgisidir. Otasi bilan tez-tez xoli qoldiring. O‘g‘il bola emotsional jihatdan ko‘proq onaga bog‘langan bo‘lsa-da, ruhan va ma’nan otasi ta’siridadir. Ota bilan yolg‘iz qolgan o‘g‘lingiz o‘zini bo‘lajak erkak sifatida his qiladi. Vaqti-vaqti bilan bir quchib yoki yelkasiga urib, qo‘lini siqib, ”Ota o‘g‘il” deb aytib maqtab, yaxshi ko‘rishingizni bildirib qo‘ying. Ayniqsa, meni yosh erkak otalarga e’tirozim bor. Choyxona va gap-gashtaklarga boramizu, loaqal bir marta ham oilamiz va jondan aziz farzandlarimiz bilan oilaviy ommaviy ko‘ngilochar joylarda sayr qilib ovqatlanmaymiz? Oila davrasidagi bu tadbirlarning  tarbiyaviy ahamiyati katta.

Doim oiladan, o‘g‘ilingizdan ma’naviy madad olishiga erishing, faxrlaning. Aslo ko‘cha handon, uy zindon erkakka aylanmasin. Odatda o‘g‘il bolani katta qilish va unga munosib tarbiya berish qiyin deyishadi.  Ilmli, kasbli o‘g‘il sizning hayotingiz ma’nosiga aylanadi deb o‘ylayman.  

 

Baxtiyor KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi