Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ogahiy nigohidagi olijanob hukmdor
08:34 / 2026-01-27

1846 yilning qishi. Xiva xonligi taxti hukmdorsiz qolgan, mamlakat taqdiri qil ustida turgan palla. Davlat arkonlari, nufuzli ulamolar va lashkarboshilar yagona nomzod – marhum xonning ukasi Muhammad Amin to‘ra qoshiga boradilar. Biroq bo‘lajak hukmdor oliy hokimiyat ramzi bo‘lgan toj-taxtni qat’iy rad etadi.

Bu shunchaki sharqona kamtarlikmidi yoki o‘tkir siyosiy hisob-kitob mahsuli? Muhammad Rizo Ogahiyning “Jome’ ul-voqeoti sultoniy” (“Sultonlik voqealarini jamlovchi”) asari ushbu tarixiy lahzani bizgacha aniq saqlab qolgan va davlatchilik tariximizning noyob sahifalarini ochib beradi.

Muhammad Aminxon davridan avvalgi vaziyat g‘oyat qaltis va ziddiyatli edi. Yurtda parokandalik, o‘zaro ishonchsizlik hukm surgan bir paytda, markaziy hokimiyatni mustahkamlay oladigan kuchli, ayni paytda odil hukmdorga ehtiyoj sezilayotgan edi. Ogahiy tasviriga ko‘ra, xalq va a’yonlar najotni yosh, g‘ayratli va aql-zakovat sohibi bo‘lgan Muhammad Aminda ko‘rdilar. 

Manbada keltirilgan xon va a’yonlar o‘rtasidagi muloqot yuksak siyosiy madaniyat namunasidir. Muhammad Aminxon, sulolaga xos an’anaga ko‘ra, hokimiyatning o‘tkinchi ekanini, dunyo matosi uchun mas’uliyat olish og‘irligini va buning oxiratdagi javobgarligini ro‘kach qiladi. “Himmatimning loyiqi ermas jahon”, deya u dunyoviy shon-shuhratga qiziqmasligini bildiradi. A’yonlar esa unga ta’sirchan va mantiqiy rivoyat bilan javob qaytaradilar. Ularning daliliga ko‘ra, adolat bilan bir zulmkorning dodini berish yetmish bir marta piyoda bajarilgan haj ziyoratidan afzalroqdir.

Ushbu muzokaralardan so‘ng, xalqning talabi va ulamolarning fatvosi bilan Muhammad Aminxon 1846 yilda taxtga o‘tiradi. Julus marosimidan so‘ng, xon o‘zini nafaqat taqvodor shaxs, balki mohir sarkarda va qat’iyatli islohotchi sifatida namoyon etdi. Buxoro amiri Nasrulloning Xorazmga qilgan tajovuzi Qorako‘l atrofida qaytarilib, dushman qo‘shinlari tor-mor keltirildi. Bu g‘alaba xonlikning hududiy yaxlitligini saqlab qolishda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi va yangi hukmdorning harbiy salohiyatini namoyish etdi.

Ichki siyosatda ham qat’iy tartib va adolat mezonlari o‘rnatildi. Ogahiy o‘z asarida kadrlar siyosatidagi o‘zgarishlarni alohida qayd etadi. Masalan, o‘z vazifasini eplay olmagan, noqobil Abdurahmon yasovulboshi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga ishbilarmon va layoqatli Mahmud Niyozboy tayinlandi. Xonlik hududlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qaroqchilik va bosqinchilikka qarshi ayovsiz kurash olib borildi. Xususan, Tajan hududida karvonlarga hujum qilgan qaroqchilarning yo‘q qilinishi savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minladi.

Xonning ov bahonasida yurt kezishi esa aslida hududlar nazorati, elatlarning kayfiyatini o‘rganish va chegaralar mustahkamligini tekshirishning o‘ziga xos usuli edi. Har bir hududga tashrif chog‘ida oddiy fuqarolar, beva-bechoralar va mazlumlarning arzi tinglangan. Manbada ta’kidlanishicha, xon Ziy mavzesi, Oqto‘pa va Ko‘hna Urganch kabi joylarda to‘xtab, xalq bilan bevosita muloqot qilgan. Shayx Najmiddin Kubro kabi ulug‘ avliyolar maqbaralari ziyorat qilinib, ma’naviy qadriyatlarga hurmat ko‘rsatilgan.

Muhammad Aminxon davrida milliy an’analar va sport o‘yinlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Navro‘z ayyomida tashkil etilgan pahlavonlar kurashi tasviri Ogahiy qalamida jonli ifodalanadi. “Sher kibi zo‘r ila changal urub” maydonga tushgan polvonlar bellashuvi nafaqat tomosha, balki yigitlarning jangovar ruhini va jismoniy toblanishini ta’minlovchi muhim vosita bo‘lgan. Bunday tadbirlar xalq bilan hokimiyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashga, jamiyatda ko‘tarinki kayfiyat paydo qilishga xizmat qilgan.

Muhammad Rizo Ogahiy qoldirgan ushbu bitiklar shunchaki quruq tarix emas, balki davlatchilikning bir sahifasidir. Undagi voqealar tizimi o‘zbek xalqining boshqaruv an’analari naqadar teran ildizlarga ega ekanini, rahbarlik – bu imtiyoz emas, balki og‘ir mas’uliyat ekanini ko‘rsatadi. Adolat, mardlik va xalqparvarlik tamoyillariga asoslangan siyosat har qanday davrda ham davlat barqarorligining va el farovonligining asosiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. 

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA