Og‘ir atletikachilar bahsi
Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 150 nafarga yaqin atletlar ishtirok etdi. Erkaklar 8 vazn toifasida, xotin-qizlar esa 7 vaznda g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tgan bahslarda andijonlik Ro‘zimurod Aslanov, Fayzullo Nabiyev, buxorolik Rustam Latipov, Sardor Do‘stmurodov, Toshkent viloyatidan Alisher Abdullayev, samarqandlik Muhammad Begaliyev, xorazmlik Farhodbek Sobirov va qoraqalpog‘istonlik Rustam Jangaboyev o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar o‘rtasida andijonlik Muattar Nabiyeva, Omadoy Otaqo‘ziyeva, Manzura Mamasoliyeva, qoraqalpog‘istonlik Janigul Berdimurodova, Go‘zal Naimova, farg‘onalik Marina Sisoyeva, navoiylik Lola Qodirova shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Umumjamoa hisobida erkaklar o‘rtasida Toshkent viloyati, xotin-qizlar o‘rtasida esa Andijon viloyati jamoasi g‘olib bo‘ldi.