Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar
20:58 / 2025-05-16

Inson uchun in’om etilgan eng bebaho ne’matlardan biri bu – ko‘zlardir. Ular orqali dunyoni tanish, ranglarni ajratish, hayot falsafasini anglash mumkin.

Glaukomani davolashda zamonaviy trendlar, ko‘z old qismi patologiyalarini davolashda innovatsiyalar, katarakta va ko‘z orqa bo‘lagi kasalliklarini tashxislash va davolashda yangi yondashuvlar ilgari surilgan “Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar – 2025” ikkinchi xalqaro amaliy konferensiyasi yaqin va uzoq mamlakatlarning yetakchi oftalmologlari, olimlar va yetuk tibbiyot mutaxassislarni bir joyga to‘pladi.

Tadbir O‘zbekistonning global oftalmologik kun tartibidagi o‘rnining ortib borayotganini hamda mamlakatning oftalmologik yordam sohasiga yuqori texnologiyalarni tizimli joriy etish borasidagi barqaror harakatini namoyish etdi. 

[gallery-23404]

– So‘nggi o‘n yillikda oftalmologiya texnologiyalarning tezkor rivojlanishi tufayli jiddiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda jumladan, lazer va fakoemulsifikatsiya jarrohligidan tortib OKT-tashxislash va orqa segment vizualizatsiya usullariga qadar, - dedi O‘zbekiston Oftalmologlar assotsiatsiyasi raisi Zulfiya Maqsudova. – Ushbu yutuqlar ayniqsa, yoshga bog‘liq va surunkali kasalliklar, masalan, katarakta, glaukoma, qarilik makulyar degeneratsiyasi, diabetik retinopatiya va boshqalar sonining oshishi kuzatilayotgan bu davrda ayniqsa dolzarbdir, bu kasalliklar ko‘z kasalliklarini davolashda tizimli yondashuvni talab qiladi. 

Konferensiyada ko‘zning old segmenti patologiyasining zamonaviy jihatlari, refraksion buzilishlarni diagnostika va davolashdagi dolzarb masalalar, glaukoma, bolalar oftalmopatologiyasi, oftalmologiyada innovatsion diagnostika va davolash usullari kabi mavzular muhokama markazida bo‘ldi.

Rossiya Federatsiyasining Svyatoslav Fedorov nomidagi “Ko‘z mikrojarrohligi” ilmiy markazi bosh shifokori Nikolay Sobolev o‘z nutqida ushbu anjuman oftalmologiya sohasidagi ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy diagnostika usullari va ko‘z kasalliklarini davolashdagi innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro platformaga aylanishi kerakligini ta’kidladi. 

Qayd etish kerak, xalqaro sheriklikni mustahkamlash O‘zbekiston Oftalmologlar assotsiatsiyasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi ikki yilda assotsiatsiya tomonidan Janubiy Koreya, Turkiya, Eron, Rossiyaning yetakchi oftalmologiya klinikalari va assotsiatsiyalari bilan strategik bitimlar imzolandi. Bu hamkorlik qo‘shma ilmiy loyihalar, klinik tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va professional tajriba almashishni o‘z ichiga oladi. 

Ushbu xalqaro yig‘in yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan soha mutaxassislariga murojaat qilib, javoblar olishdi.

M.Pirmatova, N.Haydarov (surat), O‘zA