FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida “Eng ilg‘or tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitseri” ko‘rik-tanlovining qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi.
Ofitserlarning kasbiy salohiyati, jangovar tayyorgarligi, nutq madaniyati, psixologik yondashuvi, harbiy xizmatchilar bilan ishlashda innovatsion metodlardan foydalanish darajasini baholash orqali eng ilg‘orlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda okrug qo‘shinlari tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari o‘zaro bellashdi.
[gallery-24921]
Ko‘rik-tanlov “Eng ilg‘or vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari”, “Eng ilg‘or batalyon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari”, “Eng ilg‘or brigada komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari” yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etildi.
Ofitserlar dastlab ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy-mafkuraviy hamda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik ishlarini tashkil etish hamda umumharbiy nizomlariga doir test savollariga javob berdi. Taktika va otish tayyorgarligi fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar Vatan posbonlarining sohaga doir bilim va mahoratini baholagan bo‘lsa, jismoniy tayyorgarlik shartida harbiy xizmatchilar 100 hamda 3 ming metr masofaga yugurish, turnikda tortilish orqali epchillik va chidamlilik kabi jismoniy sifatlarini namoyon etdi.
Yuqori natijaga erishgan ofitserlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu kabi tanlovlar kelgusida harbiy tarbiya tizimining rivojlanishida, ofitserlarning yuksak mas’uliyat va fidoyilik bilan xizmat o‘tashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA