Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ofisda ishlashmi yoki masofadan ishlash: qaysi biri afzal?!
15:03 / 2024-12-30

Bugun hayotimizning ko‘p qismini ofislar va ishxonalarda o‘tkazamiz. Ofislar asrlar davomida bir xil kasb va malaka egalarini doimiy bir joyga yig‘adigan maskan vazifasini bajaribgina qolmasdan, muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlar o‘tkaziladigan joy, shuningdek, adabiyot, kino va turli teleshoularga manba bo‘lib xizmat qilgan va qilmoqda.

Bundan tashqari, Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, turmush qurganlarning 22 foizi o‘z juftlarini aynan ofis va ishxonalarda uchratganliklarini aytishgan.

Ko‘plab rivojlangan davlatlarda xodimlar oylik maosh va kasbiy rivojlanishdan tashqari, qulay sharoitlar, xodimlar o‘rtasidagi ijobiy muhit, iqtidor va ko‘nikmalarini yuzaga chiqara olishlari uchun erkin muhit yaratilgan ofis va ishxonalarda mehnat faoliyatini olib borishga intilishadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda 2005 yilga qadar Google kompaniyasi ofislari universitet va kollej bitiruvchilari ishlashni xohlaydigan eng jozibali ishxonalar hisoblangan ekan.  

Xususan, Google kompaniyasi xodimlari ofislarda ertalabki, tushlik va kechqurungi ovqatlar bilan ta’minlangani, uy hayvonlarini (it va mushuklarini) ishxonaga olib kelish imkoniyatlari va kun davomida mizg‘ib olish uchun alohida o‘rinlarning mavjudligi shular jumlasidandir.  

Tabiiy savol tug‘iladi, nima uchun Google o‘z xodimlari uchun ofislarida bu qadar keng imkoniyatlar va sharoitlar yaratgan edi.  

Bundan ko‘zlangan g‘oya xodimlarni ko‘proq vaqt davomida ofisda ushlab turish va samarali ishlashga undash bo‘lsa, yana bir asosiy maqsad xodimlarning o‘zaro muloqotlari va ish jarayonidagi hamkorligi natijasida yangi g‘oyalar hamda innovatsiyalarning kashf qilinishi kompaniya uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.      

Ammo, to‘satdan 2021 yilning may oyida Google ish beruvchi sifatida siyosatini keskin o‘zgartirganini e’lon qildi.  

Unga ko‘ra, kompaniyaning 20 foiz xodimlari doimiy ravishda uyidan ishlashi, qolgan 20 foiz xodimlar Google kompaniyasining turli nuqtalardagi ofislariga bog‘liq holda masofadan ishlashi va yana 60 foiz xodimlar haftada ikki kun davomida ofisdan tashqarida ishlashi mumkinligini belgiladi.

So‘nggi yillarda ko‘plab IT sohasidagi yirik kompaniyalar xodimlarini masofadan ishlash tizimiga o‘tkazayotgani kuzatiladi. Bu ish beruvchilarga xodimlarni ofis bilan ta’minlashga ajratiladigan xarajatlarni kamaytirish yoki ulardan butunlay ozod qilish imkoniyatini beradi.  

Jumladan, 2009 yildayoq IBM kompaniyasi xodimlarining 40 foizi masofadan ishlashini ma’lum qilib, buning natijasida ofis uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 100 million dollar miqdordagi mablag‘larning tejalayotganini bildirgan edi.    

Shu o‘rinda, 2019 yilda boshlanib butun dunyoda sog‘liqni saqlash tizimini izdan chiqargan va hozirgi kunga qadar o‘zining salbiy oqibatlari bilan namoyon bo‘layotgan “COVID-19” pandemiyasi va uning mehnat munosabatlariga ta’siri haqida to‘xtalib o‘tish joiz.  

Pandemiya davrida sanitariya va gigiyena qoidalarining bajarilishini ta’minlash maqsadida, butun dunyoda xodimlar ish beruvchilar tomonidan masofadan ishlash tizimiga o‘tkazilgan edi.  

Buning natijasida ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida ofis muhitidan tashqarida shakllanadigan mutloqo yangi munosabatlar va qarashlar vujudga keldi.

Ta’kidlash lozimki, masofadan ishlash bu yangi g‘oya emas. “Vashington post” gazetasi 1969 yildayoq IT va innovatsion texnologiyalarning kelajakda tez suratlarda rivojlanishini bashorat qilib, insonlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar o‘zlarining kasbiy vazifalarini bajara olishlari mumkinligi haqida “Sizning endi ishga borishingiz umuman shart emas” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilgan edi.

Bu bashorat bugun reallikka aylandi deb bemalol aytish mumkin. Amerika va G‘arbiy Yevropa davlatlarida pandemiya davrida masofadan ishlagan xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, ularning uchdan ikki qismi ofisga bormasdan uyidan ishlashni afzal ko‘rishini bildirgan. Hattoki, ko‘pchiligi oilasi va yaqinlariga vaqt ajratishga imkoniyat paydo bo‘lganini ta’kidlagan bo‘lsada, hamkasblari bilan muloqot kamayganini tan olishgan.  

Ish beruvchilar o‘rtasida esa munosabat turlicha.

Ishlab chiqarish sohasi va xizmat turiga ko‘ra, ular xodimlarning ofislarda bo‘lishlarini xohlashgan bo‘lsa, boshqalar masofadan ishlashning afzalliklarini qo‘llab-quvvatlashgan.  

Osiyo mintaqasi mamlakatlari, jumladan, Xitoy kompaniyalari xodimlarning masofadan ishlashi natijasida ish unumdorligi pasayganini bayon qilishgan.

Aytish lozimki, bugun ko‘plab sohalarda ham ofisda, ham masofadan ishlash, ya’ni “gibrid” tizim rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga, xodimlarning har ikkala tizimda ishlashida ham ularning mehnat huquqlarini teng darajada ta’minlash, ijtimoiy va kasbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda bir qator savollar borligi ko‘zga tashlanadi.  

Masalan, G‘arb davlatlarida o‘tkazilgan tadqiqotlar xodimlar ishga yollanar ekan, ularga masofadan ishlash taklif qilinganda ular o‘zlarini ofisdagi hamkasblariga nisbatan “kamsitilgan” his qilishlarini va o‘zlariga “Nima uchun aynan men masofadan ishlashim kerak?” degan savollarni berishlari kuzatilgan.  

Shuningdek, ofisda ishlaydigan xodimlar rahbariyatga yaqinroq bo‘lishi, ishxonadagi vaziyat va yangiliklardan o‘z vaqtida xabar topishi ularni mansab pillapoyalarida tezroq ko‘tarilishiga yordam bergan.  

Pandemiyadan oldin Britaniyada o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, masofadan ishlaydigan xodimlar ofisda ishlaydigan xodimlarga qaraganda 40 foiz kamroq rag‘batlantirilgan.

Yuqoridagilarga asoslanib aytishimiz mumkinki, bugun dunyoda ofisda ishlashni afzal ko‘radiganlar bilan bir qatorda, masofadan ishlash tarafdorlari ham yetarli darajada topiladi. Bu albatta, har bir insonning shaxsiy tanlovi. Sizningcha qaysi bir afzal, ofisda yoki masofadan ishlash?!  

Murodjon Mustafoyev

Mustaqil tadqiqotchi