Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘FF prezidenti milliy terma jamoa bilan uchrashdi
17:42 / 2026-01-21

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 27 yanvar — 7 fevral kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan "Osiyo kubogi–2026" final bosqichi musobaqasida ishtirok etadi.

Musobaqa oldidan bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi (O‘FF) prezidenti Bekzod Mamatqulov milliy terma jamoa a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘FF rahbari yil boshida qo‘lga kiritiladigan yutuqlar butun mavsum davomida futbol jamoatchiligiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashini qayd etar ekan, futzalchilarni ijobiy natija yo‘lida bor kuch va mahoratlarini safarbar etishga chaqirdi.

—Sizlarning har bir harakatingiz, har bir golingiz ortida millionlab insonlarning umidi va orzusi bor. Biz sizlarga ishonamiz. Sizlar nafaqat g‘alaba uchun, balki millat iftixori uchun maydonga tushishingiz, oldingizga qo‘yilgan vazifani sharaf bilan ado etishingiz lozim, — dedi Bekzod Mamatqulov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev jamoa Osiyo kubogi final bosqichi bahslariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, futzalchilar ayni paytda ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yuqori sport formasida bo‘lib, jamoa birdamlik va intizom asosida harakat qilmoqda.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston futbol faxriylari Kengashi raisi Rahmiddin Zikriyayev hamda O‘FF prezidenti maslahatchisi Avaz Azizxo‘jayev so‘zga chiqib, har bir futbolchining ortida Vatan sha’ni va xalq ishonchi turganini alohida ta’kidladi.  

Nigora Rahmonova, O‘zA