English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ofarin” estrada xonandalari Respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi
20:44 / 2025-12-06

O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Musiqa saroyida “Ofarin” Respublika estrada xonandalari ko‘rik-tanlovining yakunlovchi bosqichi o‘tkazilib, unda tanlovning asosiy g‘oliblari va sovrindorlari aniqlandi.

Mazkur ko‘rik-tanlovning saralash bosqichlarida estrada xonandalik yo‘nalishida malaka orttirgan, professional mahoratga ega xonandalar, teatr va konsert tashkilotlari hamda boshqa madaniyat muassasalarida faoliyat yuritayotgan qo‘shiqchilar, musiqiy yo‘nalishlarda tahsil olayotgan ko‘plab talabalar ishtirok etdi. Shulardan 11 nafari final bosqichiga yetib keldi.

E’tiborli jihati - tanlovda ushbu nomzodlar o‘z qo‘shiqlarini Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada simfonik orkestri jo‘rligida jonli ijro etishdi.

Tanlovdagi chiqishlarni O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov raisligidagi, O‘zbekiston xalq artistlari Mansur Toshmatov, Nasiba Abdullayeva, Jenisbek Piyazov va opera xonandasi Umid Isroilovdan iborat Hakamlar hay’ati a’zolari baholab borishdi. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘ringa Sardor Shavkatov, 2-o‘rinlarga Umida Qozoqboyeva, Shahram Ochilov, 3-o‘rinlarga esa Rayhona Boymatova hamda Asilbek Halimov munosib deb topildi. Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va turli darajadagi diplomlar bilan taqdirlanishadi.

Aytish kerakki, “Ofarin” estrada xonandalari respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi hamda katta gala-konserti joriy yilning 18 dekabr kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida bo‘lib o‘tadi.

“Ofarin” estrada xonandalari Respublika ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Botir Zokirov nomidagi jamoat fondi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tashkilotchiligida o‘tkazildi.

Tanlovning asosiy maqsadi — O‘zbekiston ijodkor yoshlarini jahon estradasining an’anaviy qadriyatlariga jalb etish hamda xalqaro darajada bellasha oladigan iqtidorli xonandalarni aniqlashdan iborat.

N.Usmonova, O‘zA