FOTOREPORTAJ
Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongressi hamda 2025 yil futbol laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Assotsiatsiyaning o‘tgan yildagi faoliyati sarhisob qilinib, amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar muhokama etildi. Shuningdek, 2025 yilda eng yaxshi natijalarni qayd etgan soha vakillari aniqlandi.
Tadbirda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Kongressda Assotsiatsiya saylov qo‘mitasi qaroriga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti, Ravshan Ermatov birinchi vitse-prezident, Odil Ahmedov esa O‘FA vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylangani ma’lum qilindi. Shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov O‘FA Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.
Shu bilan birga, 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglanib, Assotsiatsiyaning qator bo‘limlari tarkibi shakllantirildi.
Kongressda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov sohani raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-27385]
Tadbir yakunida o‘zbek futbolining 2025 yil laureatlari taqdirlandi:
— Yilning eng yaxshi futbolchisi: Eldor Shomurodov;
— Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi: Diyora Habibullayeva;
— Yilning eng yaxshi hakami: Ilgiz Tantashev;
— Yilning eng yaxshi ayol hakami: Nasibabonu Toshmuhamedova;
— Bolalar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi: Yusuf Ergashev;
— Yilning eng yaxshi murabbiyi: Timur Kapadze;
— Ayollar oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi: Nilufar Qudratova;
— Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi: Vladislav Xan;
— Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi: Sadriddin Hasanov;
— Ayollar oliy ligasi to‘purari: Diyora Habibullayeva;
— Yilning eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
Qayd etilishicha, mazkur e’tirof mamlakatda futbolni yanada rivojlantirish, yosh avlodni sportga jalb etish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Kamola Yusupova, Muhammad Amin (surat), O‘zA