So‘nggi paytlarda foydalanilgan transport vositalarining odometr ko‘rsatkichini soxtalashtirish holatlari ko‘payib bormoqda. Oqibatda avtomobilning yangi egasi mashina haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘ladi va bu qo‘shimcha texnik xizmat ko‘rsatish, ba’zi ehtiyot qismlarining almashtirilishini kechiktiradi. Natijada bu holat mulkdor va yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari hayoti, sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr uskunasi almashtirilganini bila turib, avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorga bu haqda ma’lum qilmaslik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Fraksiya a’zosi Shahnoza Joldasova ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qish jarayonida qizg‘in muhokama qilinib, fraksiya a’zolari tomonidan bir qator takliflar ilgari surilgani va ularning ayrimlari e’tiborga olinib, qonun loyihasi yanada takomillashtirilganini ma’lum qildi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA