Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosiga qarshi birgalikda kurashaylik
08:03 / 2020-10-03

BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratmoqda.

Dolzarb mavzu
Poytaxtimizda “Odam savdosiga qarshi kurashish yoʻlida hamkorlik” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir “Odam savdosiga qarshi kurashish: 2015-2020-yillar” nomli Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturining yakunlariga bagʻishlandi.

Suhbatda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, missiya rahbari Zeynal Gadjiyev, shuningdek, Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi, vazirlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, huquqshunos olimlar hamda jurnalistlar onlayn tarzda ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, dunyoda har yili taxminan 2 milliondan ortiq inson odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarlidir. BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratmoqda.

Mamlakatimiz odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish boʻyicha taklifi “COVID-19” pandemiyasi sharoitida odam savdosi muammosini chuqurlashtirishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etish uchun muhim ahamiyatga ega.

–Odam savdosi barcha davlatlarni qamrab olgan muammolardan biri hisoblanadi, –dedi Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilotning Oʻzbekiston boʻyicha menejeri Sanjarbek Toshboyev. –Ayni paytda 40 milliondan ortiq odam odam savdosidan aziyat chekmoqda. Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida, jumladan, mamlakatimizda ham odam savdosiga qarshi hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida mazkur jinoyat birmuncha kamaymoqda. Xususan, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot tomonidan 2015-2020-yillar davomida bugungi kunga qadar 1750 nafar odam savdosidan jabrlangan shaxsga yordam berilgan. Ularga 5 yil davomida Vatanga qaytish, reablitatsiya va integratsiya koʻmaklari koʻrsatilgan. Jabrlanganlarni oʻrganganimizda, ular asosan oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotli, huquqiy savodxonligi yetarli boʻlmagan shaxslar ekanligini koʻramiz. Oliy maʼlumotli, 2-3 xorijiy tillarni biladigan, oʻz kasbiga ega boʻlgan fuqarolar ham bor. Bu shundan dalolat beradiki, odam savdosi istalgan shaxs bilan sodir boʻlishi mumkin. Shunday ekan, bu borada hushyor boʻlib, yaqinlarimiz va doʻstlarimizni ogohlantirib yurishimiz muhim ahamiyatga ega.

Davra suhbati yakunida yangi nashr “Odam savdosiga karshi kurashish” nomli qoʻllanmaning taqdimoti ham oʻtkazildi. Bolalar va yoshlar uchun moʻljallangan ushbu moʻjaz kitob oʻzbek tilidagi muxtasar matn va rasm-bezakli shaklda tayyorlangan.

Qoʻllanma “Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va uni bartaraf etish hamda buning uchun jazolash toʻgʻrisida”gi Palermo protokolining 20 yilligi munosabati bilan chop etildi.