Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odiljon Sattorov: Xorijdagi vatandoshlarimiz doimiy e’tiborda
13:53 / 2024-08-09

Yer kurrasining qay chekkasida bo‘lmasin, insonni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt xayoli bir lahza bo‘lsa-da, tark etmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 11 avgust kuni qabul qilgan “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga uch yil to‘ldi. O‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur jamoat fondi qanday faoliyat olib bormoqda? Tuzilmaning o‘tgan uch yillik ishlari xususida “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda milliy ma’naviyatimiz, an’ana va qadriyatlarimizni xorijda keng targ‘ib etish borasida fond tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda? 

– “Vatandoshlar” jamoat fondi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni yanada jipslashtirish, ularda yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirishdek ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan. O‘tgan vaqt mobaynida fond xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida milliy ma’naviyatimiz, an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etib kelmoqda. O‘zbek tili maktablari, o‘zbek tilini o‘rganish va uni targ‘ib etish, adabiyotlar yetkazish, fond tomonidan tashkil etilgan o‘zbek tili onlayn ta’lim platformasini targ‘ib qilish orqali milliy qadriyat va an’analarimizni keyingi avlodga yetkazish kabi ishlarni olib borayapmiz.

Shu bilan birga, milliy raqs to‘garaklari,  milliy musiqa cholg‘ulari – doira, rubob, dutor ijrosini o‘rganishga oid to‘garaklar tashkil etib kelmoqdamiz. Qolaversa, “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan xorijiy davlatlarda milliy o‘zlikni anglashga qaratilgan ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qariyb 3 yil mobaynida Fond vatandoshlar bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, 199 ta vatandoshlar jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, 115 ta jamoat birlashmalari hamda hamkor tashkilotlar bilan memorandumlar imzolandi. Fond tashabbusi bilan AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, qo‘shni davlatlarda yangi jamoat birlashmalari hamda milliy madaniy markazlar tashkil etildi.

Vatandoshlar jamoat birlashmalari  rahbarlari va faol vatandoshlar bilan 1300 dan ortiq rasmiy muzokaralar olib borildi. AQSH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari, qo‘shni davlatlar, jami 70 da mamlakatda 126 ta milliy bayram – Navro‘z umumxalq bayrami tantanalari, Mustaqillik bayrami, “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, “Birlashamiz” shiori ostidagi madaniy tadbirlar, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, futbol musobaqalari, palov festivallari, adabiyot kechalari o‘tkazildi. 

–Ma’lumki, qisqa vaqt davomida fond tomonidan bir qator ibratli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ularning ayrimlari xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

–Masalan, “Chinor” loyihasi orqali xorijda istiqomat qilayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarni jonajon O‘zbekistonimizga tashrif buyurishiga ko‘maklashish, ular uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, ziyorat turizmini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Bu loyiha chet eldagi yoshi ulug‘ vatandoshlarimizni mamlakatimizdagi islohotlar, turli jabhalarda kechayotgan o‘zgarishlar, yangilanish jarayonlari bilan tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, loyiha davomida nuroniylar Samarqand, Buxoro va boshqa tarixiy shaharlar bilan atroflicha tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Eng asosiysi, ular o‘z taassurotlarini xorijdagi vatandoshlar, ayniqsa yoshlarga yetkazishlarini, shuningdek, xorijda “Uch avlod” uchrashuvlarini muntazam tashkil etib borishlarini aytishdi.

“Anor” loyihasi doirasida AQSH, Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 40 nafar vatandoshimiz O‘zbekistonga keldi. Ular yurtimiz bolajonlari bilan birga hordiq chiqarmoqda. Ushbu dastur orqali vatandoshlarga milliy an’ana va qadriyatlarimiz, madaniyatimiz, tariximiz tanishtirilmoqda. Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, zafar qozongan sportchilarimiz bilan uchrashuvlar, milliy taom palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, milliy kinolarimizni namoyish etish kabi ma’naviy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bunday muloqotlar xorijdagi va O‘zbekistondagi vatandoshlarimizning do‘stlashishiga imkon bermoqda. 

Ular o‘zbekligi, qoraversa, bundan keyin ham O‘zbekistonning xalqaro maydonda obro‘sini yuksaltirishga, bor kuch, bilim va salohiyatini yo‘naltirishini ta’kidlamoqda. Yaqinda “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” viktorinasini o‘tkazdik. Unda 35 ta davlatdan 400 nafardan ortiq vatandoshimiz qatnashdi. G‘oliblar uchun bir hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab  sayohatlar uyushtirishni rejalashtirayapmiz.   

–O‘zbek tili va adabiyotini chet eldagi hamyurtlarimizning farzandlariga o‘rgatish borasida fond tomonidan qanday tashabbuslar ilgari surilmoqda?

– O‘zbek tili va adabiyotini vatandoshlarimizga o‘rgatish borasida “Vatandoshlar” jamoat fondi o‘zbek tili onlayn ta’lim platformasini ishlab chiqdi. Uning A1 darajasi sakkizta modul, 24 ta darsdan iborat. Bolajonlarimiz mana shu dars mashg‘ulotlarini onlayn tarzda o‘rganib, bevosita tilimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni o‘rganib borishlari mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda fondning xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan tadbirlari doirasida bir qancha badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Joriy yilning o‘zida o‘n mingga yaqin adabiyotlar xorijiy davlatlardagi vatandoshlarga, yosh kitobxonlarga yetkazib berildi. Jumladan, ulardan 7 ming nafari qo‘shni davlatlarga taqdim etildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi o‘zbek tilida ta’lim olib borilayotgan maktablarga “Vatandoshlar” jamoat fondining adabiyotlar burchagi tashkil etildi. 

Shu bilan birga, biz xorijdagi o‘zbek tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etdik. Bu kurslarda qirq nafar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalaridan o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari tahsil olib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. Fond keyinchalik o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazishni rejalashtirib turibdi. Bundan tashqari o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat va san’at bo‘yicha xorijda o‘zbek tilida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz uchun ta’lim grantlarini joriy etish, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda turli viktorinalar, tanlovlar o‘tkazib, o‘zbek tiliga chet eldagi vatandoshlarimizning qiziqishiga oid harakatlarini rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni olib boryapmiz.

–  Chet elda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimiz ham afsuski yo‘q emas. Ularga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha “Vatandoshlar” fondi ish olib boradimi?

–  “Vatandoshlar” jamoat fondi 2024 yil Davlat dasturiga kiritilgan xorijda istiqomat qilayotgan murakkab vaziyatga tushgan  vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida onlayn murojaatlar platformasini ishlab chiqdi. Bugungi kunda mazkur platformada xorijiy davlatlarda murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimiz uchun tunu kun ishlaydigan portalga murojaat qilishi uchun imkoniyat yaratildi. Murakkab vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizdan har kuni uch-to‘rttadan platformaga murojaatlar kelib turibdi. Bular turli  maishiy-hayotiy muammolarni o‘z ichiga oladi. Ularni o‘z vaqtida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda muhokama qilib, muammolarni  bartaraf etish, O‘zbekistonga qaytarib olib kelish kabi masalalarda ko‘makni amalga oshirib borayapmiz. 

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri 

Nazokat Usmonova 

suhbatlashdi.