Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odiljon NAZAROV: “Germaniyada temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish iqlim betarafligiga erishishda muhim qadam”
15:36 / 2023-08-21

Mamlakatimiz temiryo‘l sohasini isloh qilishda zamonaviy talablar bilan bir qatorda xorij tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi sohani tahlil qilish, o‘rganish va takliflar berishda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatining o‘rni bor.

Yaqinda ushbu ilmiy muassasa ekspertlari temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha Germaniya tajribasini  o‘rgandi. Unda sohadagi tarixiy bosqich, mavjud muammo va keyingi yildagi natijalarga asosiy urg‘u berildi.  

MHTI katta ilmiy xodimi Odiljon Nazarov O‘zA muxbiriga bu haqida quyidagilarni gapirib berdi:  

–Avvalo, har bir davlatning temiryo‘l sohasida o‘zining ko‘p yillik tajribasi bor. Tizimdagi amalga oshirilgan ishlar bevosita talab va taklifga bog‘liq. Shundan kelib chiqib aytganda, bugun hech bir davlatda ushbu soha rivojlanmay qolmayapti, aksincha, ehtiyojning oshishi islohotlarga keng yo‘l ochmoqda.  

Keling, shu o‘rinda temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha Germaniyada amalga oshirilgan ishlarga ahamiyat qarataylik. 1994 yilgacha Germaniya temir yo‘llari “Deutsche Bundesbahn” va “Deutsche Reichsbahn” kompaniyalari tomonidan boshqarilgan.  

Garchi federal hukumat davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlar uchun har yili 7 milliard yevroga yaqin to‘lagan bo‘lsa-da, 90-yillarning boshida “Deutsche Bundesbahn” ko‘rgan zarar 25,5 milliard yevroni tashkil qildi. Boz ustiga, 50-yillarning o‘rtalaridan boshlab ushbu kompaniya transport bozoridagi ulushining sezilarli qismini yo‘qotdi. 1960-1990 yillar oralig‘ida uning ulushi yo‘lovchi tashuvlarida 36 foizdan 6,1 foizgacha, yuk tashuvlarida esa 56 foizdan 20,5 foizgacha kamaydi.  

Ana shunday sabablarga ko‘ra, mamlakatning temiryo‘l sohasidagi islohotlar 1994 yilda boshlandi. Ushbu islohotlar davomida barcha operatorlar uchun temiryo‘l infratuzilmasidan erkin foydalanish imkoniyati yaratildi. Shahar atrofi yo‘nalishlari mahalliy hokimiyat organlari tasarrufiga o‘tkazildi va ushbu maqsadlar uchun zarur miqdorda subsidiyalar ajratildi.  

Bunda islohotning asosiy sabablari temiryo‘l sohasining past samaradorligi va yuk tashish hajmining ortishi kutilayotgan sharoitda quvvatlarning bunga tayyor emasligi va qarzlar to‘planib qolgan hamda yo‘lovchi va yuk tashuvlari sohasida ulushi qisqargan sharoitda boshqaruvchi kompaniyaning zaif moliyaviy barqarorligi edi.  

Sohani isloh qilishda qanday ishlar bajarildi? Birinchidan, “Deutsche Bundesbahn” va “Deutsche Reichsbahn” kompaniyalari xususiylashtirildi va ular “Deutsche Bahn” AG tarkibida birlashtirildi. Ikkinchidan, temiryo‘l tashuvlari bozorida raqobatni kuchaytirish uchun infratuzilma va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ajratildi. Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish uchun xususiy investorlar jalb qilindi.  

Natijada xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi ortdi, transport xarajatlari kamaydi. Xususan, 1994-2012 yillar oralig‘ida yuk tashuvlari hajmi 58 foizga, yo‘lovchi tashuvlari hajmi esa 36 foizga oshdi. Yo‘lovchilarni tashish sohasidagi o‘sishga asosan ichki tashuvlar hisobiga erishildi (+56 foiz), uzoq masofaga qatnovchi poyezdlardan foydalanuvchilar soni 7 foizga ko‘paydi.  

Umuman olganda, temiryo‘l sohasida Germaniyada amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli hisoblanadi va u temiryo‘l sohasida islohotlarni amalga oshirayotgan boshqa mamlakatlar uchun misol bo‘la oladi.  

Xususiy operatorlarning vagonlar va lokomotivlardan iborat tarmoqqa jalb qilinishi bugungi kunda Germaniyada temiryo‘l sohasini boshqarishning farqli jihatidir.  Faqat infratuzilma davlat nazorati ostida bo‘lib, u barcha bozor ishtirokchilarining infratuzilmadan teng foydalanishini ta’minlaydi.  

Biroq hozir Germaniya temiryo‘l infratuzilmasi tezkor modernizatsiyaga muhtoj. Davlat boshqaruvi yillarida temiryo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish uchun yetarli mablag‘ ajratilmagan. Oqibatda 1994 yil bilan taqqoslaganda temiryo‘l tarmog‘ining uzunligi qariyb 20 foizga qisqardi.  

“Deutsche Bundesbahn”  kompaniyasi va hukumat infratuzilmadagi muammolarni bartaraf etish uchun bir qator choralar ko‘rmoqda. Masalan, 2023 yilning mart oyida Germaniya Vazirlar Mahkamasi kompaniyaga 4 yil davomida 45 milliard yevro sarmoya kiritish majburiyatini oldi. Temiryo‘l tarmog‘ini jonlantirish va modernizatsiya qilish hozir 2045 yilgacha iqlim betarafligiga erishish rejasining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.  

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.