Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odiljon Mamatkarimov: Yangi mega loyiha O‘zbekistonning aviatsiya sohasidagi xalqaro reytingini oshiradi
14:01 / 2025-10-17

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida barpo etiladigan yangi va zamonaviy xalqaro aeroport majmuasining tamal toshini qo‘yib berdi. Chin ma’noda tarixga muhrlanadigan mazkur voqea haqida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov munosabat bildirdi:

– Global integratsiya jarayonlarida zamonaviy xalqaro aeroportlar mamlakatning nafaqat transport ob’ekti, balki tashqi siyosati, iqtisodiy diplomatiyasi va xalqaro imijining muhim elementi sanaladi. 

Aeroportlar davlatlarning “havo darvozasi” sifatida mamlakatga tashrif buyuruvchi har bir xorijlik mehmon, sayyoh yoki investorda ushbu davlat haqidagi ilk taassurotni hosil qiladi. Shu sababli, aeroportlar faqatgina transport infratuzilmasi vazifasini o‘tabgina qolmay, balki o‘ziga xos diplomatik va iqtisodiy markaz, logistika uzeli, madaniy ko‘prik va mamlakat qudratini ko‘rsatib beradigan milliy iftixor timsoli sifatida namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari Toshkent shahrining ichki infratuzilmasi hamda tashqi qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Oliy darajadagi mintaqaviy va xalqaro sammitlar, konferensiya va uchrashuvlar Toshkent shahrining xalqaro munosabatlar maydoni sifatidagi rolini tobora oshirmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizdagi siyosiy barqarorlik, iqtisodiy imkoniyatlar, investitsiyaviy va turistik jozibadorlik yildan-yilga O‘zbekiston brendini global darajada mustahkamlanib borishiga sharoit yaratdi. Bu esa, jahonning turli mintaqalaridan sayyohlaru tadbirkorlar, investoru davlat arboblarining tashriflari soni ko‘lami ortishiga xizmat qilmoqda.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda olib borilgan tinchlikparvar va ochiq siyosat mamlakatimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga oshishiga sabab bo‘ldi. Mamlakat tarixida birinchi marta xorijiy sayyohlar soni rekord natija qayd etib, shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida 8,6 milliondan ortiq xorijiy turist O‘zbekistonga kelgan. Bu ko‘rsatkichni o‘tgan yilning mos davriga taqqoslanganda 112,5 foizga ko‘p. Turistik xizmatlar eksporti esa, 3,6 milliard AQSH dollaridan oshgan.

Bu raqamlarni yanada oshirish, mamlakatimizning turistik soha va infratuzilmalarini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini zamonaviylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. 

Kuni kecha davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida barpo etiladigan yangi va zamonaviy xalqaro aeroport majmuasining tamal toshini qo‘yib bergani shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘taradi. 

Xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu mega loyiha aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining barcha talablariga to‘liq javob beradi. 

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari asosida har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. 

Shuningdek, yangi aeroport 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 havo kemasini saqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘lishi aytilmoqda. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasini tashkil etish ham bugungi kunda ahamiyatga molik masala.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu mega loyiha, avvalo, mamlakatimizning geostrategik joylashuvidan unumli foydalanish imkoniyatini kengaytirib, nafaqat yo‘lovchi tashish, balki yuk tashishda ham Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi Markaziy Osiyoda asosiy aviatsiya xabiga aylanadi. 

Mintaqada yuklarni qabul qilish va qayta taqsimlashga sharoit ortadi, bu esa, savdo va tovarlar aylanmasini rag‘batlantirishga yordam beradi. 

Bu loyiha O‘zbekistonga yirik xorij sarmoyasini jalb etish bilan birga, iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarini rivojlantiradi, qurilish va ekspluatatsiya jarayonlarida minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi. 

“Yashil standart” talablariga javob beradigan ushbu aviatsiya majmuasi mamlakatning ekologik imijini oshiradi, savdo, investitsiya va madaniy aloqalar ko‘lamini kengaytiradi. O‘zbekistonning aviatsiya sohasidagi xalqaro reytingini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA