Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki
21:42 / 2026-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida xalqimiz tinchligi va totuvligini, farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim vazifalar belgilab berildi.

Murojaatnomada 2026 yilda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘lishi qayd etildi hamda ushbu  yilda amalga oshiriladigan eng muhim quyidagi 6 ta ustuvor yo‘nalish va uning dasturida nazarda tutilgan masalalar ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchi ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish;

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish;

Uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish;

To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish;

Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;

Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish.

Davlatimiz Rahbari sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha vazifalarga to‘xtaldi. Shuningdek, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

Murojaatnomada nazarda tutilgan muhim yangiliklardan biri, endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shuni qayd etish lozimki, jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borish va ishni sudda ko‘rish chog‘ida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilgan holatlarni aniqlab olish, aybdorlarni qidirish va fosh etish, adolatli hukm chiqarish, shuningdek jinoyatning sodir etilish sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash uchun o‘z vakolatlari doirasida jamoatchilik yordamidan foydalanishga haqlidir. 

Darhaqiqat, jinoyat protsessida jamoatchilikning ishtiroki – bu shaffoflik, adolat va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishning muhim kafolatlaridan biridir. Bugungi kunda jinoyat ishi yuritilayotganda, jamoatchilik nafaqat kuzatuvchi sifatida, balki faol ishtirokchi bo‘lishi mumkin.

Ochiq sud majlislarida jamoatchilikning ishtiroki eng keng tarqalgan shakldir. Qonunda belgilangan istisno hollardan tashqari, barcha sud majlislari ochiq o‘tkaziladi va fuqarolar sud protsessida qatnashishi mumkin. Bu esa sud hokimiyatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Jinoyat ishlarini yuritishda jamoatchilikning ishtirok etishi huquqiy davlat qurishning muhim elementidir. Har bir fuqaro o‘z huquqlarini bilishi va ularni amalga oshirishi kerak. Shaffoflik, ochiqlik va jamoatchilik ishtiroki adolatli sud tizimining asosini tashkil qiladi. Fuqarolar faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etish orqali jamiyatda qonuniylik va tartibni mustahkamlashga hissa qo‘shadilar.

Jamoatchilikning jinoyat ishlarini yuritishdagi ishtiroki sud tizimining shaffofligini, fuqarolarning huquqiy savodxonligini yanada oshiradi va adolatli qarorlar qabul qilinishiga yordam beradi. 

I.Djurayev,

ToshDYUU professori,

 yuridik fanlar doktori