Navoiy viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 2022 yilda 2135 nafar shaxsga nisbatan 1598 ta jinoyat ishi tamomlangan bo‘lib, bu ko‘rsatgich 2021 yilga nisbatan 316 taga ko‘paygan.
Bu haqda Navoiy viloyat sudida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida sudlar tomonidan bajarilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Dastlab tadbirda yurtboshimizning 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yakunlangan yilda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan tamomlangan ishlarda 1646 nafar shaxsga nisbatan 1155 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilib, 2021 yilga nisbatan 308 taga yoki 36,3 foizga oshgan.
– Tamomlangan ishlarning barchasi tuman (shahar) sudlarida ko‘rilgan, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdumannon Shaydoyev. – O‘tgan davr mobaynida 482 nafar shaxsga nisbatan 437 ta ish tugatilgan. Shundan 438 nafar shaxsga nisbatan 413 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan to‘xtatilgan. Eng muhimi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida sudlar tomonidan 359 nafar fuqaroga nisbatan 216 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki qo‘yilgan ayblar qayta malakalangan holda yakuniy qarorlar chiqarilgan. Shuningdek, 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 13 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan.
Navoiy viloyati ma’muriy sudlari tomonidan 2022 yilda 1050 ta ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ma’muriy ishlar ko‘rib tamomlangan.
– Ko‘rib tamomlangan ishlarning 465 tasi yoki 44,3 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan, – deydi viloyat ma’muriy sudi raisi Akmal Murodov. – Sudlar tomonidan hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish hamda mahalliy hokimlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof, deb topishga oid 96 ta ishlar ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, 2022 yilda ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 237 ta xususiy ajrim chiqarilgan bo‘lsa, 22 ta ish bo‘yicha prokuratura organlariga xabarnoma yuborilgan.
Matbuot anjumanida viloyat iqtisodiy va fuqarolik sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
– Iqtisodiy sudlar tomonidan yil davomida 8476 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 265 tasi video konferensiya aloqa rejimida o‘tkazilib, 588 nafar vakillar o‘z hududlarida ishtirok etdi, – deydi viloyat sudi sudyasi Turg‘un Qahhorov. – Ko‘rilgan ishlarning 2529 tasi fuqarolik huquqiy munosabatlarga, 5353 tasi ma’muriy munosabatlarga, 3 tasi yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlashga, 405 tasi bankrotlikka va 186 tasi korporativ munosabatlarga oid ishlarni tashkil etgan. Hal etilgan ishlar bo‘yicha 442,6 milliard so‘m miqdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni da’vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilingan. Shundan xususiy tadbirkorlar va kichik biznes sub’ektlarning foydasiga 59,1 milliard so‘m undirilgan.
– Yakunlangan yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni 2021 yilning shu davriga nisbatan 6233 taga yoki 27,1 foizga ko‘paygan, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ixtiyor Qosimov. – Hisobot davrida sudlar tomonidan jami 23028 ta fuqarolik ishlar ko‘rib tamomlangan. Shundan 8839 tasi yoki 38,3 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan.
Matbuot anjumanida sudyalar tomonidan o‘tkazilgan uchrashuv, ochiq muloqot va sayyor qabullar haqida ham ma’lumotlar berilib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA