Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odil sudlov, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar takomillashtirilmoqda
16:39 / 2021-06-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Davlatda kuchli sud hokimiyatining mavjudligi inson huquqlari va erkinliklarini to‘liq ravishda ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati va demokratiyani barqaror rivojlantirish garovidir. Bu esa mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotni va investitsiyalarni jalb etish nuqtai nazaridan jozibadorligini ta’minlashdagi muhim omildir.  

“Sudlar to‘g‘risida”gi amaldagi qonun mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sud tizimidagi islohotlar to‘liq aks ettirilmagan va zamon talablariga javob bermaydi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan. Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun bilan odil sudlovning asosiy prinsiplari va sud hujjatlarini qayta ko‘rish tartibi takomillashtirilmoqda, sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda, sudyalik lavozimiga nomzodlar va saylanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Sudyalarning intizomiy javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda, sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi aniqlashtirilmoqda hamda sudyalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanmoqda.  

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonda sud tizimining faoliyat ko‘rsatish tartibi va sudyalar mustaqilligi kafolatlarini takomillashtirish, sudyalik kasbining obro‘sini ko‘tarish hamda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosi ta’minlanishiga xizmat qiladi.  

Qo‘mita majlisida shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi. Ushbu qonunning hozirgi kunda dolzarbligi, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olish va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga zamin yaratadi.  

Shuningdek, yig‘ilishda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham muhokama qilindi. Senatorlar ushbu qonun qonunchilik normalari va ayrim qoidalariga aniq tushuntirishlar berilmaganligi sababli qo‘mita tomonidan uni rad etish haqidagi xulosaga kelindi.  

Nurillo NASRIEV, O‘zA