Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odil sudlov ta’minlanadi
18:10 / 2025-11-26

Prezidentimizning 2025 yil 24 noyabr kuni imzolangan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni odil sudlovni ta’minlash borasidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

E’tirof etish kerak, mazkur Farmonda sudlar mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning jamiyatdagi nufuzini hamda ularning qaror qabul qilishdagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bir qator yangiliklar o‘z aksini topgan. Jumladan, sudyalar faoliyatida ochiqlik ta’minlanadi. Sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibi joriy etiladi.

Ma’lumki, gender tenglikni ta’minlash Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Binobarin, ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish orqali sud tizimida gender tenglik kengayadi. Ayni maqsadda har yili zaruratga qarab, Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilanadi. Shuningdek, tashabbuskor sudyalar guruhi tomonidan O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, endi sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etiladi. Ayniqsa, sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablari qonuniylashtiriladi. Qolaversa, sudyalar faoliyati samaradorligini baholashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalari qayta ko‘rib chiqiladi. Sudyaga nisbatan intizomiy ishni ko‘rib chiqishda esa uning himoyaga bo‘lgan huquqi ta’minlanadi.

Yana bir yangilik. Endi intizomiy jazo chorasi sifatida sudya quyi sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi mumkin. Yoki uning intizomiy jazosi amalda bo‘lgan vaqtda yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaydi. Umuman olganda, sudya aniq mezonlar asosida intizomiy javobgarlikka tortiladi.

Farmonda tajribali sudyalarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Aytaylik, sud tizimida kamida besh yillik mehnat tajribasiga va ilmiy salohiyatga ega sudya Odil sudlov akademiyasining professor-o‘qituvchisi lavozimiga tayinlansa, Akademiyadagi faoliyati tugagandan so‘ng u muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishini davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bordi-yu, bo‘sh turgan sudyalik lavozimi bo‘lmasa, o‘zining roziligi bilan avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkaziladi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining ayni Farmoni odil sudlovni ta’minlashga, shu orqali qonun ustuvorligiga xizmat qiladi. Natijada “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalar, xususan “Yangi O‘zbekiston – Yangi sud” tamoyili o‘z ifodasini topadi.

Nodirjon KIMSANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy

tuman sudining tergov sudyasi