Oliy sudda mamlakatimiz sudyalar hamjamiyati bilan konstruktiv uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Administratsiyasi mas’ullari, barcha darajadagi rahbarlar va sudyalar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida, xususan, Prezident Administratsiyasi oldiga qo‘yilgan beshta ustuvor vazifada sud islohoti muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Sakkiz yil davomida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan odil sudlov sohasida eng namunali xorijiy tajribani o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Sud tizimini sun’iy intellekt asosida raqamlashtirish, sudlarga yengillik yaratish maqsadida nizosiz masalalarni notariuslarga o‘tkazish, sudyalarni tayyorlashni takomillashtirish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan farmon sohada tub burilish yasadi.

Bu sohada eskirgan ta’lim tizimi o‘rnini egallaydigan Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.
Tadbirda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Alisher Usmonovning o‘z faoliyati davomida sud tizimini mustahkamlash, odil sudlovni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA