Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odil sudlov sohasi uchun kadrlar qanday tayyorlanmoqda?
09:59 / 2026-02-10

Davlatimiz rahbarining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.

Tizimni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirishga e’tibor qaratilgan.

Odil sudlov akademiyasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Prezident Administratsiyasi tomonidan monitoring o‘tkazildi.

Mazkur jarayonga Akademiya rahbariyati, yangi shakllangan professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda tinglovchilar jalb etildi.

Akademiyada jami 20 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2025-2026 o‘quv yilida 164 nafar tinglovchi o‘qishga qabul qilingan. Shundan 4 nafari dars jarayonlarini o‘zlashtira olmaganligi sababli tinglovchilar safidan chiqarilgan.  

Dars jarayonlari «nazariya – amaliyot – imitatsiya» tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etilgan. Kunning birinchi yarmida nazariy, ikkinchi yarmida deontologik va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Tadbir davomida sud tizimi uchun kadrlar tayyorlashning institutsional asosi sifatida tashkil etilgan Akademiya faoliyati, uni xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Xususan, “bo‘lajak sudyani sudya tayyorlaydi” tamoyili asosida o‘quv jarayoniga amaliyotchi sudyalarni jalb etish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida Akademiya rektori va yangi tayinlangan prorektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda kelgusidagi aniq manzilli rejalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Tinglovchilarning bilim darajasi, kasbiy salohiyati va o‘quv jarayoniga munosabatini aniqlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.

Monitoring jarayonida Akademiyaning raqamli infratuzilmasi, elektron ta’lim platformalari, simulyatsiya zallari hamda o‘quv mashg‘ulotlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar holati ko‘zdan kechirildi.  

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.  

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar va istiqboldagi rejalar belgilandi.  

N.Abduraimova, O‘zA