Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odil sudlov natijalari muhokama qilindi
10:58 / 2026-01-15

Qashqadaryo viloyat sudida jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yil davomida odil sudlov sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijalari haqida axborot berildi.

Ma’lum qilindiki, 2025 yilda viloyat, tumanlararo, tuman va shahar sudlariga jami 10 ming 667 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 263 taga ko‘p. Ushbu raqamlar aholining sud organlariga murojaat qilishda faolligi va ochiqlikka bo‘lgan ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.

Kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 276 tasi umumiy murojaatlar bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 153 taga ko‘paygan. Shaxsiy va sayyor qabullar orqali 2 ming 771 ta murojaat qabul qilingan bo‘lsa, Prezident virtual va xalq qabulxonalari hamda boshqa platformalar orqali 5 ming 630 ta ariza kelib tushgan.

Mazmun jihatidan qaralganda, 3 ming 187 ta murojaat sud qarorlari, 487 tasi sud hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq. Shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining xatti-harakatlari, ishlarning ko‘rib chiqilish muddatlari ham murojaatlarda aks etgan.

O‘rganish natijasida 304 ta murojaat qanoatlantirilgan, 10 mingdan ortiq murojaat yuzasidan fuqarolarga tushuntirish berilgan. 225 ta murojaat tegishli idoralarga yuborilgan, ayni paytda 73 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, 487 ta takroriy va 318 ta dublikat murojaat mavjudligi ayrim masalalar aholi uchun hanuz dolzarbligini ko‘rsatadi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, sudlarda murojaatlar bilan ishlash tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Har bir arizaga qonuniy va asosli javob berish, fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar taqdim etish odil sudlovni ta’minlashning muhim sharti sifatida qaralmoqda.

Murojaatlar sonining ortishi esa aholining adolatga ishonchi, o‘z huquqlarini himoya qilishda faollashib borayotganidan darak bermoqda. Bu esa sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samara berayotganini ko‘rsatadi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri