Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib, sohada yuz bergan o‘zgarishlar chuqur tahlil qilingani va Yangi yildagi vazifalar belgilab berilgani jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash davlatchiligimizning mustahkam poydevoriga aylanayotganini keng namoyon etdi.
Murojaatnomani tinglar ekanman, sudlov tizimidagi bundan to‘rt-besh yil avvalgi va bugungi holatni ko‘z oldimga keltirdim. O‘tgan qisqa yillarda odil sudlovni ta’minlash uchun qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar, jamiyatimizda sodir bo‘lgan yangilanishlarni adolat tarozisiga solib ko‘rdim.
Prezidentimiz aytganlaridek, Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Lekin, bundan to‘rt yil muqaddam yurtimizda sud zalida oqlov hukmi chiqarildi yoki ozodlikdan maxrum bo‘lmagan jazo tayinlandi, desa kim ishonar edi?
Insonparvarlik tamoyillari keng quloch yozayotgan so‘nggi yillarda bu masala o‘zining adolatli yechimini topmoqda. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudlari joriy yilning o‘tgan davrida 9 nafar shaxsni birinchi bosqich sudida, 81 nafar shaxsni apellyatsiya va kassatsiya bosqichida JPKning 83-moddasiga asosan oqlab (reabilitatsiya), ularga oid jinoyat ishlarini tugatdi. Jami sudlangan shaxslarning 1 ming 156 nafari yoki 75,2 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. Shundan 117 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. 536 nafar shaxslarga JKning 57-moddasi qo‘llangan holda qonun sanksiyada nazarda tutilgan jazodan ham yengilroq jazolar tayinlandi. 67 nafar shaxs JKning 72-moddasiga asosan shartli hukm qilindi. 390 nafar shaxs taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. 216 shaxsga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilib, hukm chiqarildi. 70 shaxsga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar to‘liq ayblovdan chiqarilib, 38 shaxsga nisbatan modda qismi yoki bandi ayblovdan chiqarildi.
Insonparvarlik, adolatlilikning yana bir jihati– yilning o‘tgan davrida yoshlar ittifoqi kafilligi asosida 9 shaxsga, xotin-qizlar qumitasi kafilligi asosida 3 shaxsga, mahalla fuqarolar yig‘ini jamoatchi himoyachilari kafilligi asosida 77 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. Shu davrda jinoyatlarning oldini olish uchun jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan va shart-sharoit yaratgan shaxslarga nisbatan 1 ming 36 ta yoki 65,8 foiz jinoyat ishlari bo‘yicha xususiy ajrimlar chiqarilib, 445 ta og‘zaki huquqiy targ‘ibot ishlari o‘tkazildi.
Odil sudlovda yuz bergan bu kabi o‘zgarishlar odamlarning sud-huquq tizimiga ishonchini oshirib, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquq, erkinliklarini kafolatli himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
Murojaatnomada qayd etilganidek, yangi yildan joriy qilinadigan “bir sud-bir instansiya” tamoyili zimmamizga yanada mas’uliyatli vazifani yuklab, viloyat sudlari ustidan berilgan shikoyatlar o‘sha sud tomonidan ko‘rib chiqilish amaliyoti bekor bo‘ladi. Sud qarorlarining adolatli va qonuniyligini ta’minlashda bosh mezon vazifasini bajaradi. Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlarini qisqartirib, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyotining bekor qilinayotgani jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir dalil odim bo‘lmoqda.Shuningdek, kelayotgan yilda fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi uchta sudning bitta sud sifatida birlashtirilishi fuqarorlarimiz hamda tadbirkorlik subektlari uchun yangi yengilliklarni yaratadi.
Bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxsning taqdiri sudda hal bo‘ladi. Bu sud zalida chiqarilgan qarorga bevosita bog‘liqdir. Masalaga shu nuqtai-nazardan yondoshsak, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar sudlov tizimida adolatni o‘rnatishga, sud qarorlarining barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga sazovar bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining g‘oyasi bilan kelgusi yildan sud muhokasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etilishi ham Yangi O‘zbekistonda adolatni qaror toptirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.
Mamlakatimizda odil sudlov jamiyatimizning bosh mezoni sifatida belgilanib, bu jarayonda fuqarolarga bosqichma-bosqich zamonaviy qulayliklar yaratilayotgani ahamiyatlidir. Murojaatnomada kelasi yildan boshlab, fuqarolar sudga kelib yurmasdan onlayn tartibda murojaat etishi, o‘z arizalari ko‘rib chiqilish jarayonini masofadan turib, kuzatib borish imkoniyatlari yaratilishi ham alohida qayd etilgani ayni muddao bo‘ldi.
Eng muhimi sohada yuz berayotgan yangilanishlar odamlarning qonun ustuvorligini ta’minlashga, ularning adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatga ishonch hissini yanada mustahkamlab, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda tinch, to‘kin hayot kechirishiga xizmat qilmoqda.
X.Qudratov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi raisi