Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oddiy narsadan ham zavq topa olgan inson baxtli yashaydi (+video)
12:21 / 2024-03-06

8-mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni

Bu hayotda inson o‘z oldiga maqsad qo‘ysa, unga intilsa albatta, erishadi. Dovonlarni zabt eta oladi. Oramizda shunday xotin-qizlar borki  imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da boshqalarga ibrat bo‘lmoqda. Bugungi qahramonimiz ham ana shulardan biridir. 

Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash,  ularni turmush sharoitlarini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini yuksaltirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ko‘mak sohalarida huquq va erkinliklarini ta’minlashda davlat tomonidan muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda. Farg‘ona davlat universiteti fizika-texnika fakulteti 3-kurs talabasi Sarvinoz Ismoilova – II guruh nogironi. Shunday bo‘lsa-da u barcha tengdoshlaridan ortda qolmaslikka, kerak bo‘lsa, ilmda ham, hunarda ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishga intiladi.   

– Meni shu darajaga yetib kelishimga, oliy o‘quv yurtiga o‘qishimga hammadan ko‘ra ishonganim, qo‘llab-quvvatlayotganlar oila a’zolarimdir, –deydi Sarvinoz. – To‘g‘risi, bu yerda qiyinchilik ko‘rganim yo‘q. O‘qishda qiyinchilik bo‘larmikin, ko‘nglimga ozor beradigan so‘zlar bilan gapirisharmikan, degan xavotirlar ham bo‘lgan. Ammo ular asossiz taxminlar ekan. Hozir hammasi yaxshi. Turli tanlovlarda qatnashganman, suzishga boraman. Ba’zida yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlar o‘rtasidagi suhbatlarda turmushda uchraydigan muammolar, yetishmovchiliklardan nolish, diydiyo qilish mazmunidagi fikrlar quloqqa chalinib qoladi. Aslida hayot davom etarkan, bunday kamchilik va muammolar ham bardavom ekanligi, hech bir tashvishsiz jamiyat bo‘lmasligini, to‘siqlardan mardonavor o‘tish, ularni yengish insonga xos fazilat ekanini uqtirgim keladi ularga. Bu hayotda eng yaxshi narsa shukr qilishdir. Oddiy narsadan ham zavq topa olgan inson baxtli yashaydi.

<iframe width="1250" height="703" src="https://www.youtube.com/embed/ugEcZGvAZaY" title="Oddiy narsadan ham zavq topa olgan inson baxtli yashaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Sarvinoz – intiluvchan yoshlardan biri. Kelajakda o‘quvchilarning sevimli ustozi bo‘lish maqsadida ilm sirlarini o‘qib-o‘rganayotgan talaba qiz sportning suzish turi bilan shug‘ullanadi. Bu borada uch marta viloyat chempioni bo‘lishga, respublikada 3-o‘rinni egallashga ulgurgan. Hozirda ingliz va rus tillarini ham mustaqil o‘rganyapti. 

Bayramlar fasli – bahor kelishi bilan Sarvinozning qalbida olam-olam orzular kurtak ota boshlaydi. Bugun chinakam yoshlar bahori. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Sarvinoz kabi qat’iyatli yoshlarning o‘rni beqiyos. 

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri

M.Qodirov suratlar va video