Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi avlod odamsimon roboti mamlakat sharqidagi ikki yirik shahar — Suchjou va Shanxay orasidagi 106 kilometrdan ortiq masofani to‘xtamasdan bosib o‘tib, Ginnesning yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda China Daily Asia nashri xabar berdi.
Rekord egasi bo‘lgan Agibot A2 roboti Shanxayda joylashgan texnologik kompaniya tomonidan yaratilgan. U 10 noyabr kuni kechasi Suchjoudan yo‘lga chiqib, 13 noyabr tongida Shanxayning mashhur Vaytan qirg‘og‘iga yetib kelgan. Robotning eng muhim ustunliklaridan biri — akkumulyatorlarni tezkor almashtirish texnologiyasi bo‘lib, aynan shu tizim unga biror marta to‘xtamasdan 106 km 286 metr masofani bosib o‘tish imkonini bergan.
Agibot A2 murakkab sharoitlarda mustaqil harakatlana olishi bilan ham ajralib turadi. U ilg‘or sensorlar, ko‘p funksiyali kameralar va real vaqt rejimida atrof-muhitni tahlil qiluvchi algoritmlar bilan jihozlangan. Harakat davomida robot svetoforlar, tor piyodalar yo‘laklari, gavjum trotuarlar, ko‘priklar va turli yo‘l qoplamalaridan o‘tib, barcha yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan.
Shanxayga yetib kelgach, rekordchi robot jurnalistlar bilan qisqa “muloqot”da o‘z sayohatini “mashina hayotidagi unutilmas tajriba” deb atagan, hattoki hazillashib “menga endi yangi tufli kerak bo‘lishi mumkin”, degan.
Mutaxassislar ushbu yutuqni Xitoyning gumanoid robotlar sohasidagi katta qadamlaridan biri sifatida baholamoqda. Agibot A2'ning uzoq masofani bosib o‘tish bo‘yicha muvaffaqiyati robotlarni xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik, yetkazib berish, qutqaruv ishlari va monitoring kabi sohalarda yanada keng qo‘llash uchun yo‘l ochishi mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/5R2SEGKxuso?si=VNqhAlDTte_lrth3" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA