Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odamlarning quvonchi cheksiz
21:27 / 2024-02-23

Bundan besh oy avval Andijon viloyatini Qirg‘iz Respublikasining O‘sh oblasti bilan bog‘lab turuvchi “Mingtepa” chegara bojxona o‘tish punkti faoliyatini boshlagan edi.

Ushbu chegara posti ayrim sabablarga ko‘ra, 2009 yilda yopib qo‘yilgandi. Natijada asrlar davomida bordi-keldi qilib kelayotgan, bir-birlari bilan quda-andaga aylangan minglab kishilar, har ikki tomondagi qarindosh-urug‘lar, qo‘yingki, ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar cheklab qo‘ygandi. Uzoq hududlarda joylashgan chegara postlari orqali bir-birlari bilan aloqa qilish, joriy etilgan rasmiyatchiliklar odamlarni haddan tashqari toliqtirgandi. 

Aytish joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, savdo-sotiq ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Marhamat tumanidagi “Mingtepa” chegara-bojxona o‘tkazish punktining ochilishi ana shu munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bilan birga, ko‘plab yurtdoshlarimizning qariyb o‘n besh yillik orzulari ijobati bo‘ldi. 

O‘zA muxbirlari “Mingtepa” chegara bojxona o‘tish punktida bo‘lib, mamlakatimizdan qo‘shni davlatga o‘tish va kirish uchun fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, mutasaddilar, yurtdoshlarimiz hamda qirg‘izistonlik mehmonlar bilan suhbatda bo‘ldi. 

- Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega chegara-bojxona o‘tish punktida orqali ikki mamlakat fuqarolarining yurtimizga kirishi va chiqishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi “Mingtepa” chegara-bojxon o‘tish punkti katta inspektori, bojxona xizmati kapitani Bahodirjon Ashuraliyev. - Punktimiz zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanganligi bois, o‘tuvchilar nafaqat fuqarolik pasportlari, balki ID-karta bilan ham bemalol o‘tishlari mumkin. O‘tish punkti tomonidan shu kunlarda bir kunda 2 ming nafardan ziyod fuqaroga belgilangan tartiblar asosida xizmat ko‘rsatilmoqda. 

Shuningdek, o‘tkazish punktida bojxona va chegara tekshiruvidan tashqari veterinariya, karantin ko‘rigi xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha ovoragarchiliklarning olib tashlanganligi, ayniqsa, asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dili, dini, turmush tarzi bir, lekin ma’lum vaqt aloqalari uzilib qolgan ikki xalq aholisini behad quvontirmoqda. 

- Ushbu chegara postining ochilganligidan butun oilamiz, qarindosh-urug‘lar juda ham xursand, - deydi Marhamat tumanidan Qirg‘iziston Respublikasi Aravon rayoni Tepaqo‘rg‘on qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan Faridaxon Zikirova. – Aka-uka, singillarimni ko‘rib qaytyapman. Qirg‘izistonga kelin bo‘lganimga o‘ttiz yildan oshdi. Keyingi 15-20 yil ichida ota-onam, jigarlarim, qarindosh-urug‘larim bilan ko‘rishish, to‘y, ma’raka, turli marosimlarda bordi-keldi qilishda juda qiynaldik. Ota uyim bilan men tushgan qishloq o‘rtasidagi masofa 8-10 kilometr xolos. Lekin biz bir-birimiz bilan bordi-keldi qilish uchun borishga 110 kilometr, qaytishga yana shuncha masofani bosib o‘tishga, bojxona postlarida soatlab navbat turishga majbur edik. 

[gallery-16121]

Hatto, janozaga ham yuborilgan telegramma orqali faqat qarindoshining o‘zi kirish mumkin bo‘lgan davrlar ham bo‘ldi. Taqdirni qarangki, otam o‘tganida telegramma kechikib borgani, usiz chegaradan o‘ta olmaganim uchun otam vafotidan uch kun o‘tib, uyimga kirib kelganman. O‘shanda yo‘lga qo‘yilgan tartiblardan, insoniylik qadrsizlanganidan qattiq iztirob chekkandim. Allohga shukr, bugun, unday azoblar, qiyinchiliklar yo‘q. 

- Opam Aravon tumaniga kelin bo‘lib tushgan, - deydi Bo‘ston tumani Xalqobod mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Zuhraxon Kamoldinova. – Bordi-keldidagi qiyinchiliklar sabab bir necha yil bir-birimiz bilan ko‘risha olmagandik. “Mingtepa” chegara posti ochilgandan buyon opam bir necha bor farzandlari bilan bizni yo‘qlab keldi. Endi Aravonga, kelinlarim bilan mehmonga ketyapman. 

Qiyinchiliksiz, uzundan uzun navbatlarsiz chegaradan o‘tyapmiz. Oddiy xalq uchun mana shunday imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentlarimizga, hukumatlarimizga rahmat. 

“Mingtepa” chegara-bojxona o‘tish punkti yonginasida avtoturargoh tashkil etilgan. Bu yerda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida qurilish ishlari davom etmoqda. Avtomobillar o‘tishi uchun maxsus yo‘lakcha, veterinariya, karantin ko‘rigi xizmatlari uchun alohida xonalar, chegara va bojxonachilar uchun yotoqxonalar, punkt tashqarisida esa oshxona, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo do‘konlari, mehmonxona qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Bundan tashqari, Marhamat shahridan chegara punktigacha bo‘lgan yo‘l ta’mirlanib, transport qatnovi, shuningdek, Farg‘ona viloyati Quva tumanidan chegara punktiga qadar avtobus qatnovi yo‘lga yo‘lga qo‘yilganligidan aholi yanada mamnun. 

- “Mingtepa” chegara-bojxona punkti ochilmasdan avval tumanimiz aholisi uyidan 5-10 kilometr masofada yashovchi qirg‘izistonlik qarindoshini ko‘rib kelish uchun Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali kamida 180-200 kilometr yo‘lni bosib o‘tishga majbur edi, - deydi mehnat faxriysi, tuman “Nuroniy” uyushmasi faoli Muhammadzokir Ergashev. - Shukrki, bugun bunday ovoragarchiliklarga barham berildi. Chegara ochilishi bilan qarindoshlar o‘rtasidagi uzilib qolgan bordi-keldilar tiklandi, ikki xalq vakillari, tadbirkorlar o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Oddiy xalqqa mana shunday yengillik yaratgani uchun Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. 

Chegara-bojxona postining ochilishi bilan ikki xalq vakillari o‘rtasidagi savdo-sotiq hajmi ham ortib bormoqda. 

Hozirda o‘zbekistonlik tadbirkorlar, hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan beshik, elak, supurgi, eshik-rom singari mahsulotlar qo‘shni respublikaga olib o‘tib sotilmoqda. 

- Mahallamizda juda ko‘p xonadonlarda uzoq yillardan buyon echki yungidan ro‘mol to‘qiladi, - deydi Marhamat tumanidagi Qoraqo‘rg‘on mahallasida yashovchi hunarmand Mashhuraxon Zokirova. – 2009 yil, ya’ni chegara yopilgunga qadar tayyorlagan ro‘mollarimizning asosiy qismini Qirg‘izistonga sotar edik. Bizga qulay, yaqin hududdagi chegara-bojxona punktining ochilganligi savdo hamkorligimizni yana yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Shu kunlarda ham tadbirkorlarimiz mahsulotimizni ulgurji sotib olib, Qirg‘iziston bozorlariga yetkazib berishmoqda. 

Marhamatda bir necha yillardan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgan chegara-bojxona o‘tkazish punkti faoliyatining tiklanganligi yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, chegara hududlarida yashayotgan yurtdoshlarimizning qo‘shni davlatdagi qarindosh-urug‘lari, qolaversa, xalqimizning qo‘shni qirg‘iz xalqi bilan aloqa va munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi xayrli ishlardan biri desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari