Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odamlarning qalbidan joy olgan fidoyilar “Inson faxri” mukofoti sohibi bo‘ldi
11:55 / 2025-11-19

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan “Inson faxri” milliy mukofotining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, mazkur milliy mukofot Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy etilgan bo‘lib, insonparvarlik, fidoyilik va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shgan fuqarolarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Mazkur mukofotning asosiy maqsadi jamiyatda ezgulik, mehr-shafqat va birdamlik qadriyatlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

— “Inson faxri” milliy mukofoti xalqimiz orasida mehr-shafqat, hamjihatlik va birdamlik ruhini mustahkamlash, ezgulik yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan insonlarni keng jamoatchilikka tanitishga xizmat qiladi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova. — Jami 11 yo‘nalish bo‘yicha fidoyi shaxslar saralandi. Ularning har biri bir maqsad — odamlar hayotini yaxshilash va jamiyatga xizmat qilish uchun o‘z vaqti, bilim va mehnatini ayamaydi. Bu — shifokor, o‘qituvchi, volontyor yoki qutqaruvchi bo‘ladimi, barchasini birlashtiruvchi asosiy qadriyat — fidoyilik. Marosimni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish rejalashtirilgan.

[gallery-26316]

Tadbirda nomzodlar haqidagi hujjatli filmlar namoyish etildi, madaniy-ommaviy dastur tashkil etildi. Shuningdek, fidoyilik va insonparvarlikning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rniga oid fikr-mulohazalar bildirildi.

2025 yil uchun quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:

«Yil shifokori» — bolalar kardioxirurgi, mingdan ortiq muvaffaqiyatli operatsiya muallifi Bobur Turayev.

«Mehr yo‘li» — «Rahmdillik» boshpanasini tashkil etgan shifokor Bibisora Aripova.

«Shaxsiy yutuq» — xalqaro kimyo olimpiadasi sovrindori, yosh pedagog Mohira Boltayeva.

«O‘lmas jasorat namunasi» — himoyasiz hududlarga ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan faol Feruza Madaliyeva.

«Betakror rekord» — O‘zbekiston tarixidagi eng yosh paraatlet Shaxina Yigitaliyeva.

«Umr ishi» — tog‘li hududda uzoq yillardan buyon xizmat ko‘rsatayotgan hamshira Xolbeka Bobokulova.

«Chegarasiz yaxshilik» — yetimlar uchun uylar qurgan, ehtiyojmandlar uchun klinika ochgan faol Nasim Komilov.

«Birlik qudrati» — chaqaloqlar uchun kiyim-kechak tayyorlovchi «28 Ilgak» klubi.

«O‘lmas jasorat namunasi» (marhumlarga e’tirof) — bolalarni qutqarish yo‘lida hayotini fido qilgan Abdumannop Samiqov.

«Noyob iste’dod» — virtual laboratoriya yaratgan IT-jamoa - TESNAS.

«Fidoyilik ramzi» — ijtimoiy yordam va himoya sohasida faoliyat yuritayotgan «Imkon» markazi jamoasi.

G‘oliblarga maxsus statuetka, diplom hamda 20 million so‘mlik pul mukofoti topshirildi.

— Bu e’tirofni katta hayajon bilan qabul qildim. Men uchun bu mukofot faqat shaxsiy yutuq emas, balki bolalar shifoxonasida mehnat qilayotgan barcha hamkasblarimning mehnatiga berilgan qadr, — deydi “Yil shifokori” mukofoti g‘olibi Bobur Turayev. —Yurak jarrohligida har bir operatsiyada bolajonlarning ota-onalari bizdan katta mo‘jiza kutadi. Shu umidni oqlay olganim men uchun eng katta mukofot. Eng mas’uliyatli lahzalardan biri — 6 yoshli bolaga o‘tkazilgan, mamlakatimizda ilk bor amalga oshirilgan o‘ta murakkab yurak operatsiyasi bo‘lgan. Bolaning ahvoli og‘ir edi. Jamoam bilan birgalikda barcha tajriba va bilimimizni ishga solib, operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Bugun bolajon sog‘lom. Bu his-tuyg‘uni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bu mukofot mendan yanada yuqori marralar va katta mas’uliyat talab qiladi. Shifokor uchun eng oliy vazifa inson hayotini asrash va bemorga umid berish. “Inson faxri” mukofoti esa fidoyilik va insonparvarlikni qadrlashning yorqin namunasi deb bilaman.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

Tanzila Norboyeva, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dNRuRosl7oM?si=G5xz-9sTO5pY_K3c" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA muxbiri