Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odamlarni tarix bilan yuzlashtirgan antiqa xonadon
16:17 / 2025-08-20

Tarix nafasini his etish uchun katta kutubxonalarga yoki muzeylarga borish shart emas. Yangiyer shahrining "Navro‘zobod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan joy olgan oddiygina xonadon borki, uning darvozasidan kirgan kishi darhol asrlar qo‘ynidan so‘zlayotgan ma’naviyat xazinasiga guvoh bo‘ladi. Bu xonadonning sohibini nafaqat Sirdaryo, balki qo‘shni Tojikistonning Xo‘jand va Ӯratepa shaharlaridagi ziyolilar ham yaxshi taniydilar. U – Abduqul Mamatov.

Uning uy muzeyi — yodgorliklar, xotiralar va tarixga hurmatning jonli timsoli. Bu yerda nodir kitoblar, asrlar qa’ridan so‘zlaydigan osori atiqalar, mashhur dog‘istonlik shoir Rasul Hamzatov tomonidan taqdim etilgan bug‘i shoxi, bokschi, jahon chempioni hamyurtimiz Rifat Risqiyev hadya qilgan boks qo‘lqopi, o‘zbek shoir va yozuvchilarining dastxati tushirilgan asarlari saqlanadi. Har bir eksponatning o‘z tarixi bor. Shuning uchun ham uy muzeyiga kirgan kishi nafaqat buyumlarga, balki ularning ortida turgan yuksak ma’naviyatga ham oshno bo‘ladi.

– Har bir eksponat o‘tmishdan so‘zlaydi. Meni uy muzeyimga qadam qo‘ygan kishi tarix bilan suhbatlashayotgandek bo‘ladi, – deydi Abduqul aka.

Yaqin kunlarda esa Abduqul Mamatov yana bir hayratlanarli hodisaga guvoh bo‘ldi. Qo‘shni Tojikiston Respublikasining Devashtich  (avvalgi  G‘onchi) tumanidagi  Yaxtan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi yaqin do‘sti Norboy Allamurodov o‘z tomorqasida yetishtirgan ulkan oshqovoqni unga sovg‘a qildi. Uning vazni – 61 kilogramm!

– Rostini aytsam, 30–40 kilolik oshqovoqlarni ko‘tarib ko‘rganman. Lekin bu galgisi haqiqiy pahlavonlar ko‘taradigan toshga o‘xshaydi. Yoshim ulg‘aygan bo‘lsa-da, bir marta ko‘tarib ko‘rdim. Salmog‘i, ko‘rinishi – hammasi hayratlanarli.  

Tarixning qimmatini anglaydigan, do‘stlik va bag‘rikenglikka hurmat bilan qaraydigan insonlar bor ekan, kelajakning ma’naviy poydevori ham mustahkam bo‘ladi. Abduqul aka va uning uy muzeyi ana shu haqiqatning jonli isbotidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri