Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odamlar quruq gapga emas, qalbga yetib boruvchi so‘zga muhtoj
12:07 / 2019-09-26

Qachonki har qanday tuyg‘u qalban his qilinsa, uning qiymati bo‘lakcha bo‘ladi.


Qachonki har qanday tuyg‘u qalban his qilinsa, uning qiymati bo‘lakcha bo‘ladi. Bu eng oliy tuyg‘u muhabbatdan tortib, odamlar orasidagi oddiy do‘stona munosabatlar, oilaviy rishtalar, barcha-barchasiga taalluqli. 

Hayotda qalb ko‘zi ko‘r odamlar ham yo‘q emas. Ularga esa insoniy tuyg‘ularni tushuntirishga, anglatishga to‘g‘ri keladi ba’zan. Misol uchun, oilada farzand dunyoga keldi. Bu aslida katta bir mo‘jiza, inoyat ekanini, shu jajji bolakay oila hayotining davomchisi ekanini barcha ota-onalar ham to‘liq his qilmaydi. Oila qurilgach, bola tug‘iladi-da, deb bunga jo‘n qaraydiganlar, farzand mas’uliyatini umuman his qilmaydiganlar, afsuski, ko‘payib bormoqda.

Aro yo‘lda oilani tark etish, bolalarni qarovsiz qoldirib, o‘z hoyu-havaslari uchun yashayotganlar borligi buni yaqqol tasdiqlaydi. Jahl ustida ayolini qo‘lidagi bolasi bilan uydan haydab yuborgan yigit oradan yillar o‘tib, hayotidagi kemtiklikni his qiladi.

Bunga yon-atrofida farzandlari bilan baxtli yashayotgan ota-onalarni ko‘rgani, o‘zida esa mehr berguvchilar yo‘qligini oxiri anglagani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

U turmush o‘rtog‘ining ota-onasi yashayotgan hovlining darvozasini chertar ekan, allaqachon katta bo‘lib qolgan o‘g‘li hozir yugurib chiqib “dadajon”, deb bag‘riga otiladigandek hayajonlanadi.

Biroq, afsus! Fursat boy berilgan, ayoli boshqa turmushga uzatilgan, bola esa o‘gay ota qaramog‘iga ketgan edi...

Erkak uchun bundan og‘ir savdo bo‘lmasa kerak!

Oliy sud tomonidan yaratilgan “Farzand – omonat” filmi tomoshabinga ana shunday hayotiy saboq beradi.

Hozirgi kunda film ajrashishga qaror qilgan oilalar vakillariga namoyish etilmoqda. Tomoshabinlar qalbni larzaga keltiruvchi filmni ko‘zda yosh bilan tomosha qilibgina qolmay, ajrashish fikridan qaytayotgani quvonarli.

Demak, odamlarga quruq gap bilan ajrashmang, degandan ko‘ra, ajrashishning oqibati mohiyatini ko‘rsatuvchi so‘z ayta olishning ahamiyati beqiyos.

Yaqinda Xorazm viloyatida 50 ga yaqin ajrim uchun sudga ariza bergan oilalar vakillariga film namoyish etilganda, ulardan 35 tasi yarashgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Surxondaryo viloyatida ham “Farzand – omonat”. “Ota” filmlari namoyishidan so‘ng ajrashishga qaror qilgan 42 shaxsdan 8 tasi shu zahoti arizasini qaytarib olgan.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning aytishicha, yillar davomida jamoatchilikni ishga solgan holda ajrashayotgan er va xotinlar bilan ko‘p muloqotlar olib borganmiz. Ammo samarasi ancha past edi. Ushbu mavzuda ta’sirchan, hayotiy filmlar yaratilgani esa samaraliroq bo‘lmoqda. Ayrimlar filmni ko‘rishi bilan, ba’zilari esa sal keyinroq, o‘ylab, mushohada qilib, ajrashish fikridan qaytmoqda. Biz uchun bir oila yarashsa ham katta gap. Chunki bir oilada kamida ikki farzand kamolga yetayotgan bo‘ladi. Ularning tirik yetim bo‘lmasligi, to‘laqonli oilada ulg‘ayishi jamiyatning katta yutug‘i.

Oliy sud rahbariyatining Surxondaryo viloyati Termiz shahri, Sherobod tumanidagi Xalq qabulxonasida tashkil etgan ochiq muloqot va sayyor qabulida yuzga yaqin fuqaroning arzi tinglandi. 44 nafar shaxsning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, 3 nafar shaxsning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudga,24 nafar shaxsning jinoyat ishlari bo‘yicha sudga, 8 nafar shaxsning ma’muriy sudga va boshqa masalalarda murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning 27 tasi nazorat tartibida o‘rganish uchun qabul qilinib, qolgani yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.

Sayyor qabul jarayonida 30 nafar mahkum Jinoyat kodeksning 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan shartli ozod qilindi, 10 nafar mahkumga Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Jazodan ozod qilingan hamda jazosi yengilrog‘iga almashtirilgan shaxslar kelgusida foydali mehnat bilan shug‘ullanish, o‘zlariga nisbatan ko‘rsatilgan bag‘rikenglik va insonparvarlikni halol mehnatlari bilan oqlashga va’da berishdi.

Bundan tashqari, sudga murojaat qilgan fuqarolarga malakali huquqiy yordam ko‘rsatish hamda bu borada ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida viloyat sudida tashkil etilgan advokatlar xonasida Advokatlar palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda haftaning dushanbadan juma kuniga qadar navbatchi advokatlar xizmatidan foydalanishi mumkinligi tushuntirildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari Termiz shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, bu maskanda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar bilan dildan suhbatlashishdi, ularga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.