Jizzax viloyati hokimining shaxsiy qabuli — oddiy tadbir emas, balki rahbar mas’uliyati, xalq ishonchi va davlat siyosatida inson qadri ustuvor ekanining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan o‘tkazilgan ommaviy-shaxsiy qabul o‘n ikki soatdan ziyod davom etdi. Shu vaqt ichida 200 dan ortiq fuqaroning dardi tinglandi, taklif va mulohazalari eshitildi, taqdirlariga daxldor masalalar muhokama etildi.

Yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak. Yana bir fikrlarida: “Odamlarni rozi qilish — barcha darajadagi rahbarlarning birinchi galdagi vazifasidir” deya alohida urg‘u beradilar. Jizzaxdagi qabul ana shu yuksak talabning amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Qabulda ko‘tarilgan masalalar turlicha — ijtimoiy yordam, uy-joy, sog‘liqni saqlash, bandlik, kommunal xizmatlar va boshqa dolzarb muammolar. Har bir murojaat ortida bir oilaning umidi, bir insonning iztirobi, bir farzandning kelajagi turgani aniq. Shu bois masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

E’tiborli jihat shundaki, qonunchilikka zid talablarga ham ochiq-oshkora, huquqiy tushuntirish berildi. Har bir qaror adolat va qonun ustuvorligi mezoni asosida qabul qilindi. Zero, xalq dardini tinglash — muammoni shunchaki eshitish emas, balki uni huquqiy, tizimli va barqaror hal etish demakdir.
Bunday qabullar aholining idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini oladi. Eng muhimi, fuqaro o‘z muammosi bilan yolg‘iz emasligini, uni eshitadigan va yechim topadigan mas’ullar borligini his etadi. Bu esa jamiyatda ertangi kunga ishonch muhitini yanada mustahkamlaydi.

Prezidentimiz aytganlaridek: Xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta’minlash — barqaror taraqqiyot garovidir. Demak, katta-kichik har bir rahbar uchun xalq dardiga quloq tutish nafaqat xizmat burchi, balki vijdon amridir.
Jizzaxdagi o‘n ikki soatlik qabul shu ma’noda mas’uliyat, sabr va sadoqat sinoviga aylandi. Eng muhimi, bu muloqotlar orqali odamlar qalbiga yo‘l topildi. Zero, xalq roziligi bor joyda baraka, ishonch va taraqqiyot bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari