Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak!
16:06 / 2020-08-31

Xalqimiz shu kunlarda Vatanimiz Mustaqilligining 29 yilligini “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida keng nishonlamoqda.


Xalqimiz shu kunlarda Vatanimiz Mustaqilligining 29 yilligini “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida keng nishonlamoqda. 

Mustaqillik xalqimiz uchun oʻz taqdirining haqiqiy egasi boʻlish, qadr-qimmatini anglab, yurtimizda fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo qilish imkoniyatini yaratdi.

Istiqlol koʻhna tariximiz, boy madaniy merosimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va milliy qadriyatlarimizni tikladi, xalqimiz qoniga singib ketgan mehr-oqibat, bagʻrikenglik, saxovat kabi olijanob fazilatlar, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini yana qaytadan jonlantirdi.

Bugun Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotning eng muhim va masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻydi. Xalq farovonligini oshirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashini taʼminlash maqsadida barcha sohalarda keng koʻlamli izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarimizning bosh mezoniga aylandi va bunda xalq saylagan deputatlarga ham katta masʼuliyat va ishonch bildirilmoqda.

Bugun deputat uchun boʻyinbogʻni yechib, haqiqiy ishlaydigan zamon keldi. Endi odamlarni avvalgidek quruq vaʼdalar bilan ishontirib boʻlmaydi. Ularning dunyoqarashi, fikri oʻzgardi. Muammo va kamchiliklari haqida ochiq-oshkora gapirishni, haq-huquqlarini talab qilishni oʻrgandi. Albatta, odamlarni rozi qilish oson emas. Lekin harakat qilinsa, fidoyilik koʻrsatilsa, maqsadiga yetiladi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani “Chimyon” saylov okrugimda uyma-uy yurib, saylovchilarim bilan muntazam hamsuhbat boʻlib shunga amin boʻldimki, odamlarni rozi qilish uchun togʻni talqon qilish shart emas. Eng yaqin qarindoshingiznikiga borayotgandek yorugʻ yuz bilan saylovchingizning eshigini taqillating. Qoʻlingizni koʻksingizga qoʻyib, “Qanday yashayapsiz, sogʻliklaringiz yaxshimi, nima muammongiz bor, bizdan qanday yordam kerak?” degan soʻzlar bilan avvalo ularning koʻngilni koʻtarish lozim. Shu oddiy daldaning oʻzi ularga kuch-quvvat beradi, yashashga boʻlgan umidini oshiradi. Soʻngra dardini eshitib, muammosiga quloq tuting, ularni iloji boʻlsa shu yerining oʻzida yoki vakolatingiz doirasida hal qilsangiz boʻlgani.

“Chimyon” saylov okrugimda bugun 6281 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahallada 92 nafar nogiron roʻyxatga olingan boʻlib, ularning holidan muntazam xabar olib turibmiz. Surunkali kasali bor bemorlar, qariyalarni vaqti-vaqti bilan koʻrikdan oʻtkazishi, davolanishi, sihatgohlarda dam olishi, umuman, mahalla faollari bilan bamaslahat ularga qanday yordam zarur boʻlsa, barchasini bajarishga harakat qilyapmiz.

Mahallamizda 42 nafar ishsiz roʻyxatga olingan boʻlib, ularning 31 nafarini ayollar tashkil qiladi. Qoʻlida hunari boʻlmagan ayollar Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Xizmat – beminnat” loyihasi doirasida bepul hunar oʻrgatish kurslariga jalb qilib kelinmoqda. Yaqinda karantini sabab, doimiy ish joyini yoʻqotgan 17 fuqaro bandligi taʼminlandi. “Temir daftar”da 115 fuqaro roʻyxatga olingan. Ularni ishlab, daromad topishi, tadbirkorlikka oʻrgatish choralari koʻrilmoqda.

“Chimyon”ni jinoyatchilik va huquqbuzarlikdan xoli mahallaga aylantirish maqsadida profilaktika nozirlari bilan harakatlar dasturi ishlab chiqilgan. Oʻtgan olti oy davomida mahallamizda 13 ta maʼmuriy huquqbuzarlik va 3 ta jinoyat sodir etildi. Albatta, jinoyatning bittasi ham koʻp, shu bois, targʻibot-tashviqot ishlarini birpasga ham toʻxtatib boʻlmaydi. Butun dunyoni tashvishga solgan pandemiya paytida ham aholi murojaatlari bilan ishlashni toʻxtamadik. Saylovchilar bilan masofadan turib muloqot qildik.

Deputat oʻz saylovchilari oldida masʼul va ularning murojaatlarini eshitib, muammolarini hal qilishga majbur. Shu maʼnoda, saylovchilarni quruq vaʼdalar bilan emas, amaliy ishlarimiz bilan xursand qilaylik. Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak!

Jahongir ZIYAYEV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputati