Odamlarimiz qayerda bo‘lmasin, hatto eng chekka hududda ham baxtli va farovon turmush kechirishga haqli.
Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari ana shu ezgu maqsadga qaratilgan.
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Xonqiz qishlog‘ida 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Keyingi yillarda bu yerda ham mamlakatimizdagi islohotlar bois o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tadbirkorlar safi kengaydi, zamonaviy inshootlar qad rostladi. Asosiysi, odamlarning kayfiyatida jo‘shqinlik hukmron.
Mazkur mahallada bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida targ‘ibot tadbirlarida ma’naviyat targ‘ibotchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, taniqli sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

–Yurtimizda ilm-ma’rifat, ta’lim, qo‘yingki, barcha sohalarda yangi bosqichga qadam qo‘yildi, – deydi yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Baratov. – Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ijobiy samaralar berib, aholining turmush farovonligi, ma’naviyati yuksalmoqda. Xalqaro miqyosda O‘zbekistonning nufuzi ortib bormoqda. Ana shu o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, umuman, islohotlarning mazmun-mohiyati haqida yurtdoshlarimizga yanada kengroq ma’lumotlar berish o‘tkazilayotgan tadbirlarning bosh maqsadidir.
O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi qo‘shiqlar qishloq ahliga bayram kayfiyatini ulashdi. Raqslarga ulanib ketgan tadbir unutilmas onlarni baxsh eta oldi.
“Yuqori Gulshan” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar faollik ko‘rsatdi. O‘tkazilgan suhbat va ma’ruzalar yuzasidan qiziqarli savol-javoblar bo‘ldi.
Tadbirlar doirasida namoyish etilgan yosh rassomlarning ijod namunalari, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
"Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi targ‘ibot tadbirlari Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA