Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam yuvuvchi mashina sotuvga chiqarildi (+video)
10:23 / 2025-12-09

Yaponiyaning Science kompaniyasi katta qiziqish uyg‘otgan odamni cho‘miltirib qo‘yuvchi Mirai Human Washing Machine qurilmasini rasman sotuvga chiqardi. Kompaniya vakilining bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu noodatiy kapsulaning narxi 60 million iyen — taxminan 384 ming dollar atrofida.

Kengligi 1 metr, chuqurligi 2,5 metr va balandligi 2,6 metr bo‘lgan maxsus kapsulaga kirgan foydalanuvchi 15 daqiqada to‘liq yuvinib chiqadi.  

Qurilmaning asosiy funksiyalari quyidagilar: juda mayda havo pufakchalari teri teshiklariga kirib, o‘lik hujayralar va yog‘larni chuqur tozalaydi. Oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan bu pufakchalar teriga zarar yetkazmasdan yumshoq tozalash imkonini beradi. Kapsulaning orqa qismiga o‘rnatilgan sensorlar foydalanuvchining ahvolini kuzatib, fiziologik ko‘rsatkichlarni aniqlaydi. Yuvinish jarayonida maxsus video va musiqalar namoyish etilib, foydalanuvchiga ruhiy xotirjamlik beradi.  

Science kompaniyasi vakili Sachiko Maekuraning aytishicha, “Bu mashina nafaqat tanani, balki ruhingizni ham tozalaydi.”

Mirai Human Washing Machine  2024 yilning aprel oyida Osaka-Kansai Ekspo ko‘rgazmasida ilk bor namoyish etilganida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Mashinani sinovdan o‘tkazish uchun 40 ming kishi ro‘yxatdan o‘tgan.  

Shundan so‘ng AQSHdagi bir kurort kompaniyasi qurilmani tijoriy maqsadlarda ishlatish bo‘yicha Science bilan bog‘langan. Bu taklif yapon firmasi uchun mahsulotni real bozorda taqdim etish qarorini tezlashtirgan.  

Ma’lum qilinishicha, qurilma atigi 50 dona ishlab chiqariladi. Osaka shahridagi mehmonxonalardan biri Mirai Human Washing Machineni allaqachon xarid qilgan va tez orada mehmonlariga ushbu xizmatni taqdim eta boshlaydi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ps1popOqfy4" title="Odam yuvuvchi mashina sotuvga chiqarildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA