Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili Keri Jonstonning O‘zbekistonga tashrifi doirasida poytaxtimizda huquq-tartibot organlari va soha mutaxassislari uchun ikki kunlik o‘quv kursi tashkil etildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘lib o‘tgan trening raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirilayotgan ekspluatatsiyaga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlandi. O‘quv kurslarida Bosh prokuratura, IIV, Raqamli texnologiyalar vazirligi, kadrlarni tayyorlash institutlari, shuningdek bolalarni himoya qilish hamda mehnat nazorati uchun ma’sul idoralar vakillari ishtirok etdi.
– Odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va odam savdosining oldini olish uchun kuchli siyosat bilan birga, malakali mutaxassislar kerak, – dedi K. Jonston. – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar buning uchun mustahkam poydevor yaratib, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish borasida ko‘rilayotgan maqsadli chora-tadbirlar majburiyatlarni samarali amaliy harakatga aylantirishga yordam bermoqda.

Treninglar YXHTning texnologiyalardan foydalangan holda odam savdosi holatlarini tergov qilish bo‘yicha o‘quv dasturiga asoslangan bo‘lib, mazkur dastur ishtirokchilarga aholining zaif guruhlariga ta’sir ko‘rsatish uchun tobora ko‘p qo‘llanilayotgan ekspluatatsiya usullarini aniqlash, tekshirish va oldini olish bo‘yicha zarur bilimlarni berishga mo‘ljallangan.
– O‘quv kursi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida proaktiv onlayn tergovlar o‘tkazish, ochiq axborot manbalari bilan ishlash hamda jabrlanganlar manfaatlariga qaratilgan yondashuv bo‘yicha aniq ko‘nikmalarni shakllantirib, huquqni muhofaza qilish organlari o‘quv muassasalariga texnologiyalardan foydalangan holda odam savdosiga qarshi kurashish uchun o‘qitish usullarini moslashtirish imkonini beradi – dedi K. Jonston.
Ishtirokchilar texnologiyalardan foydalangan holda odam savdosi holatlarini tergov qilish bo‘yicha chuqur bilimlar olib, mutaxassislarni tayyorlashda tergov usullari, aniq misollar asosida o‘qitish va jabrlanuvchilar manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuvni uyg‘unlashtirishni o‘rgandilar. Ular ushbu modullarni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan birga, kursantlarga ham o‘rgatishi mumkin. Bu esa huquqni muhofaza qilish organlarining onlayn yollash usullarini aniqlash, raqamli ekspluatatsiyani tergov qilish va virtual makonda jinoyatchilarning nazorat qilish usullarining oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi.

YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen xodimlarni tayyorlash va zamonaviy tergov vositalarini joriy etishga yo‘naltirilgan investitsiyalar mamlakatning jinoyatlarning oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish hamda yangi raqamli tahdidlarga javob berish salohiyatini oshirishini ta’kidladi.
YXHT maxsus vakilining mamlakatimizga tashrifi doirasida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi tashabbuslarning qator yuqori martabali ishtirokchilari bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Keri Jonston O‘zbekistonning ushbu sohadagi muvaffaqiyatli tajribasini ta’kidlab, bu boradagi sa’y-harakatlar, shu jumladan so‘nggi qonunchilik islohotlari — Jinoyat kodeksiga kiritilgan odam savdosi uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar hamda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan yangi qonunni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Aziza Alimova, O‘zA