French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosiga qarshi kurashish butun jamiyatning ishi
16:15 / 2020-07-29

Har uchinchi soʻralganning hisoblashicha, bunday jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish odam savdosiga qarshi kurashishning samarali chorasi hisoblanadi.

 Ijtimoiy soʻrov

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi odam savdosi masalalari boʻyicha mamlakatimiz fuqarolarining xabardorlik darajasini, odam savdosiga qarshi kurashish bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olishda joylarda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligiga aholi tomonidan beriladigan bahoni aniqlash maqsadida telefon soʻrovi oʻtkazdi.

Ushbu soʻrovda mamlakatimizning barcha mintaqalarida (500 dan ortiq) yashovchi fuqarolar, erkaklar va ayollar, yoshlar, oʻrta va katta yosh vakillari ishtirok etdilar.

Olingan natijalar mamlakat fuqarolari tomonidan odam savdosi muammosining keskinligini anglash, jinoyat paydo boʻlishining asosiy sabablarini tushunish, shuningdek, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashishda istiqboldagi strategiyani shakllantirish haqida fikr va takliflarni aniqlash imkonini berdi.

Telefon soʻrovi jamoatchilik ongida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar va ekspluatatsiyaning turli koʻrinishlariga nisbatan murosasiz va nihoyatda salbiy munosabat ustuvorlik qilishini tasdiqladi.

84,5 foiz ishtirokchi odam savdosi kabi ijtimoiy muammo haqida xabardor hamda uni insonni majburlash, aldov yoki tovlamachilik yoʻli bilan ekspluatatsiya qilish maqsadida inson shaxsiga qarshi qilingan jinoyat, deb hisoblaydi. Respondentlarning bir qismi odam savdosi toʻgʻrisida “toʻla darajada” xabardorligini aytgan boʻlishsa, ayrim soʻralganlar odam savdosi haqida “umumiy jihatlardan” xabardordir.

Telefon soʻrovining koʻrsatishicha, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar haqidagi maʼlumotning asosiy manbasi televideniye hisoblanadi. Bundan tashqari, ishtirokchilar odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar haqidagi maʼlumotni turli internet manbalari va ijtimoiy tarmoqlardan olishadi.

Ishtirokchilarning mutlaq koʻpchiligi – 83,8 foizi odam savdosini “insonlarning hayoti va taqdirini sindiradigan, ularni insoniy qadr-qimmatidan mahrum qiladigan, erkaklar, ayollar va hatto bolalarni jabrdiydaga aylantiradigan jiddiy muammo”, deb hisoblaydi.

Telefon soʻrovi davomida aniqlanishicha, vatandoshlarimizning odamlarni tovarga aylantirayotgan odamfurushlar oldidagi asosiy zaif joyi ularning iqtisodiy muammolari, oʻzining turmush farovonligini qisqa fursatlarda oshirishga intilishi hisoblanadi. Aynan shu narsa odamlarni mulohazasiz qilmishlarga undaydi, iqtisodiy xulq-atvorning xatarli turlaridan foydalanishga, noqonuniy migratsiyaga, ekspluatatsiya va qullik mehnati sharoitlariga koʻnishga majbur qiladi.

Shuningdek, soʻralganlarning hisoblashicha, huquqiy madaniyat darajasining pastligi, fuqarolarning xorijda qonuniy ishlash imkoniyatlari haqida yetarlicha xabardor emasligi va chet elda noqonuniy ishlashning salbiy oqibatlarini bilmaslik vatandoshlarimizning mamlakatimiz tashqarisida mehnat yoki jinsiy qullikka tushib qolishiga imkon tugʻdiruvchi omillar boʻlib hisoblanadi.

Telefon soʻrovi ishtirokchilarining fikricha, yoshlar, ayollar, bolalar, maʼlumot darajasi past va kasb taʼlimi boʻlmagan kishilar, ishsizlar, ijtimoiy xatardagi oilalarning farzandlari eng kam himoyalangan, zaif ijtimoiy guruhlar hisoblanadi.

Soʻrovning koʻrsatishicha, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning tarqalishida fuqarolarning shaxsiy sifatlari, tez pul topishga intilishi salbiy rol oʻynaydi. Respondentlarning fikricha, ishonuvchan, yengiltak, boʻshang, oʻziga ishonmaydigan kishilar odamfurushlar toʻriga koʻproq ilinadilar.

Telefon soʻrovi davomida fuqarolarning joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida qanchalik xabardorligi aniqlandi. Olingan natijalarning koʻrsatishicha, soʻrov ishtirokchilari Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligi, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosi va odamlarni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik asoslarini takomillashtirish yuzasidan keng miqyosda izchil ishlar olib borilayotganligi haqida xabardordir.

Soʻrov ishtirokchilari odam savdosiga qarshi kurashish butun jamiyatning ishi hisoblanishiga qatʼiy ishonadilar. Joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotning yetarli emasligi fuqarolarga bu borada nimalar boʻlayotganligi va mazkur muammoga qanday qarshi turish kerakligi haqida tasavvurni shakllantirishga imkon bermaydi.

Telefon soʻrovining koʻrsatishicha, mutlaq koʻpchilik (93,9 foiz) yosh ayollarning oʻz bolalarini sotishga jazm etishi holatlariga oʻta salbiy munosabat bildirib, agar ularga bola savdosi holatlari maʼlum boʻlib qolsa, unga qarshilik koʻrsatishga tayyor ekanliklarini aytgan. Ishtirokchilar bola savdosi haqida OAVlarida eʼlon qilinayotgan xabarlarni kuchli his-hayajon bilan qabul qilib, bolasini sotuvchi ayollarga ham, bola sotib olish maqsadida jinoiy kelishuvga jazm etayotganlarga ham nafrat hamda bolafurushlarga nisbatan qahr-gʻazab tuygʻularini namoyon qildilar.

Soʻralgan fuqarolarning fikricha, ogʻir moddiy ahvol, hayotdagi qiyinchiliklar, turmush tarzi xususiyatlari va ruhiy holat ayollarni mulohazasiz qilmishlar sari boshlaydi, jinoyat yoʻliga kirishga majbur qiladi.

Shuningdek, respondentlar ayollar oʻzining istalmagan homiladorligi va nikohsiz tuqqanligini oʻz yaqinlaridan bekitish, isnoddan hamda qarindoshlar va tanishlarining taʼna-dashnomidan qochish uchun tezroq boladan qutilish istagi tufayli farzandlarini sotishga jazm qilishlarini jinoyat sabablari sifatida koʻrsatdilar.

Soʻrov davomida respondentlar, koʻpincha bolalarni ekspluatatsiya qilish uchun emas, balki noqonuniy farzandlikka olish uchun sotib olishlarini taʼkidladilar. Bolani rasman farzandlikka olish va rasmiylashtirish juda murakkab boʻladi, zarur hujjatlarni yigʻish koʻp vaqt va kuch talab qiladi, deb hisoblaydiganlar ana shunday yoʻl tutishadi. Yana bir sabab – qonunlarning zaifligi: bola savdosi uchun aybdorlar haddan tashqari yengil jazo olishadi, baʼzan esa butunlay jazolanmaydilar ham. Shuningdek, soʻrov ishtirokchilarining hisoblashlaricha, oiladagi nizolar, ixtiloflar, ajrimlar ham ayolning oʻz farzandini sotishga jazm etishiga sabab boʻlishi mumkin.

Telefon soʻrovining koʻrsatishicha, bola savdosi Oʻzbekiston jamiyatining, oila va nikoh munosabatlarining axloqiy asoslariga zarar yetkazadi, bola huquqlarini buzadi: 56,5 foiz fuqaro ushbu ijtimoiy xavfli jinoyat uchun jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish zarur, degan fikrni bildirdilar. Soʻrov ishtirokchilarining koʻpchiligi oʻz farzandini sotishga jazm etgan ayolga uning muammosini hal qilishda yordam berish zarur, deb hisoblaydi. 46,5 foiz respondentning qayd etishicha, bunday ayollar ruhiy yordamga muhtojdirlar, chunki bola tugʻilganidan keyin koʻpincha qiyin hayotiy vaziyat tufayli ular chorasiz ahvolda qoladilar hamda yuz berayotgan voqealarni toʻla anglamasdan, vaziyatni va uning ehtimoliy oqibatlarini idrok etmasdan jinoyat sodir qiladilar. 44,2 foiz ishtirokchi fikricha, qoʻlida yosh bolasi bilan chorasiz qolgan ayollarga vaqtinchalik uy-joy taqdim etish, ishga joylashish imkonini berish zarur, 33,2 foiz respondent esa moliyaviy yordam koʻrsatish kerak, deb hisoblaydi. Telefon soʻrovi, xatar guruhidagi (notinch oilalardagilar, ishsizlar, ajrashganlar, yolgʻizlar va h.k.) qizlar va ayollar bilan profilaktika ishlari olib borish zarurligini aniqladi.

Telefon soʻrovi fuqarolarning mehnat yoki jinsiy qullikka tushib qolishining oldini olish boʻyicha eng samarali choralar haqida aholining fikrini aniqladi. 75,5 foiz ishtirokchining fikricha, mamlakat mintaqalarida yangi ish oʻrinlari yaratish hamda fuqarolarning boshqa mamlakatga ishlashga noqonuniy ketishini bartaraf etish maqsadida qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil qilish odam savdosiga qarshi kurashishning asosiy omili hisoblanadi.

51,8 foiz ishtirokchining fikricha, odam savdosi va ularni ekspluatatsiya qilishni bartaraf etish uchun, aholi oʻrtasida keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borish, fuqarolarning huquqiy madaniyati darajasini oshirish, ehtimoliy mehnat migrantlarini chet elda noqonuniy ishga joylashishning xavf-xatarlari haqida xabardor qilish zarur.

Har uchinchi soʻralganning hisoblashicha, bunday jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish odam savdosiga qarshi kurashishning samarali chorasi hisoblanadi.

Olingan maʼlumotlarga muvofiq, odam savdosi va ularni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etish imkoniyatini istisno qiluvchi shart-sharoitlarni yaratish muhimdir. Shu munosabat bilan odam savdosiga qarshi kurashish masalasida Oʻzbekistonning yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan xalqaro hamkorligini kuchaytirish, fuqarolarning qonuniy yoʻl bilan mehnat migratsiyasiga borishini taʼminlovchi, ham oʻz mamlakatimizda, ayniqsa, mintaqalarda, ham xorijda mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatuvchi markazlarni tuzish zarurligini qayd etdilar.