Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosiga qarshi kurashish bitta tashkilot yoki bir kishining ishi emas
12:57 / 2021-07-26

30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilingan. Xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, odam savdosidan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarni tashkil qilmoqda. Odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilayotganligi tashvishlanarli hol.

bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyatdir. O‘zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan "Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyaga qo‘shildi. 2008 yilning 17 aprelida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingan edi. Qonunda odam savdosi bilan bog‘liq tushunchalarga izoh berildi; odam savdosiga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, bu sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar, tashkilotlar, odam savdosi profilaktikasi, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni himoya qilish yuzasidan davlat organlarining hamkorligi, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish; voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashishning o‘ziga xos xususiyatlari, xalqaro hamkorlik masalalari o‘z aksini topdi. Mazkur Qonunning o‘z vaqtida qabul qilinganligi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Qonunga itoatkorlik bu – yuksak huquqiy onglilik, jamiyat va davlat manfaatlarini chuqur tushunib yetish, ijtimoiy burch, ya’ni o‘z qilmishlari uchun davlat oldida, jamiyat oldida javobgarlik tuyg‘usi bilan uzviydir.

Qonunga itoatkor har bir fuqaro qonunlarning talablari jamiyatning yuksak manfaatlarini ifoda etishini, qonunlarga rioya qilish faqat xalq manfaatlariga emas, balki uning o‘z manfaatlariga ham xizmat qilishini yaxshi tushunadi. Qonun odamlarni birlashtiradi, qonunbuzarliklarni, qonunni mensimaganlarni esa, qonun doirasidan tashqariga chiqarib qo‘yadi. Qonunga itoatkorlik, aql idrok, vijdon, ichki e’tiqod mas’uli bo‘lib, insonda olijanob fazilatlarni tarbiyalaydi.

Ta’kidlash joizki, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish, ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalarning tartibga solinmaganligi, shuningdek voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashishning o‘ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, indentifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomi belgilanmaganligi qonunni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini keltirib chiqardi.

2020 yilning 17 avgustida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunda yangi normalar kiritildi.

Bu odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash tartibi, ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari, boshqa kafolatlar yoritildi. Odam savdosiga qarshi kurashda NNTlar vakolat va vazifalari belgilab berildi.

Qonunda mazkur yo‘nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko‘maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berildi. Endilikda mazkur yangi tahrirdagi Qonunga asosan, nodavlat tashkilotlari odam savdosiga qarshi kurashishda davlat organlariga nafaqat ko‘maklashish, balki zarur yordam ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi, nodavlat tashkilotlari odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirishda ishtirok etishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yildi. Nodavlat tashkilotlari odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvi tadbirlarini amalga oshirishda, shu jumladan bunday jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalarni tashkil etishda ko‘maklashish vakolati ham berilganligi jamiyatda fuqarolik institutlarining rolini oshirishda o‘z o‘rniga egadir.

bugungi kunda O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ularning yuzga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida bevosita o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Jumladan, Respublika "ISTIQBOLLI AVLOD" ijtimoiy-axborot markazi, uning viloyatlardagi bo‘limlari hamda hamkor tashkilotlari o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum asosida odam savdosining oldini olish va undan jabrlangan ayollarni reabilitatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda. Ushbu tashkilotlar 2004 yildan buyon dolzarb aloqa tarmog‘i tashkil etib, noqonuniy migratsiya va uning salbiy oqibatlaridan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish maqsadida aholi orasida axborot-profilaktik ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

"ISTIQBOLLI AVLOD" tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatlari O‘zbekiston Respublikasi hukumati va davlat tashkilotlari tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. “30 iyul – Odam savdosiga qarshi kurashish butunjahon kuni” munosabati bilan Respublika "ISTIQBOLLI AVLOD" ijtimoiy-axborot markazi Buxoro viloyati bo‘limi “30 kunlik odam savdosiga qarshi kurashish oyligi”gini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan.

Yurtimizda joriy yil 1 aprelidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinishi va unga ko‘ra, har yil yakunlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat ko‘rsatkichlariga asosan ularning reytingi tuzilishi belgilangan. Bularning barchasi inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda fuqarolik institutlari rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasidir.

Barcha davrlarda ham insoniyat tarixi uchun juda zarur bo‘lgan, yuksak axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan “insonparvarlik” tushunchasi juda katta ahamiyat kasb etgan.

Insonparvarlik deganda, insonni e’zozlash, hurmat qilish, undagi ijtimoiy-axloqiy xislatlarni kamolga yetkazish, uning moddiy va ma’naviy farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish va qo‘llab-quvvatlashni tasavvur qilamiz. Insonparvarlik, eng avvalo, insonning baxt-saodati, ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-ehson, yaxshilik, muhtoj va g‘ariblarga yordam, sabr-qanoat, kamtarlik, to‘g‘riso‘zlik, shirinsuxanlik, saxiylik, nafsni tiyish va boshqa xulq-odob qoidalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Odam savdosiga qarshi kurashish faqatgina davlat va nodavlat tashkilotlarining vazifasi emas. Har bir kishi o‘zining insoniyligini, jamiyat a’zolari oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda, boshqalarning huquqlari, sha’nini oliy qadriyat deb hurmat qilishi lozim.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayoti, dunyoqarashi, turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz», degan ulug‘vor maqsad shakllandi. Ushbu buyuk maqsadlarga erishishda inson huquqlari himoyasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Abira Huseynova,

Buxoro davlat universiteti professori,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi.

O‘zA