«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan mamlakat internet-nashrlarining «Odam savdosi: internet-makonning kontent-tahlili» mavzusidagi monitoringi o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, Birlashgan millatlar tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi va Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda ularga barham berish, ushbu jinoyatlar uchun jazolash to‘g‘risidagi protokolning normalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, odam savdosi bilan kurashish to‘g‘risidagi ayrim qoidalarni milliy qonunchilikka kiritish ustida ishlar olib borilmoqda.
O‘tkazilgan kontent-tahlil tadqiqoti natijalari shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan 2021 yilning dekabr va 2022 yilning yanvar-iyun oylarida ushbu mavzu bilan bog‘liq 107 ta maqola e’lon qilingan, ularning 89 tasi axborot va 18 tasi tahliliy tusdagi maqolalardir.
Tadqiqot tanloviga Milliy domenning foydalanuvchilari orasida mashhur bo‘lgan Uza.uz, Yuz.uz, Uzreport.uz, Sputnik.uz va boshqa internet-nashrlar kirdi. Tanlovning asosiy mezoni manbalarning ommaviyligi va ularning tadqiqot mavzusi bilan bog‘liq voqealar, fakt va hodisalarni sifatli yoritish qobiliyati bo‘ldi. Tadqiqot davri 2021 yilning dekabri va 2022 yilning yanvar-iyun oylarini qamrab oldi.
«Jamiyat» sohasidagi maqolalarning asosiy ko‘pchiligi odam savdosida vositachilik bilan shug‘ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslarni aniqlash va ularning faoliyatiga barham berish (44,1%) hamda odam savdosidan jabrlanishi ehtimoli bor shaxslarga nisbatan chegara nazoratini kuchaytirish (22,1%) yo‘nalishlariga to‘g‘ri keldi.
«Siyosat» sohasidagi maqolalarning ko‘pchiligi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar hukumati bilan huquqiy yordam ko‘rsatish va tajriba almashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash (59,5%) va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga maslahat va huquqiy yordam ko‘rsatish (16,2%) masalalari bilan bog‘liq yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Veb-saytlarning «Odam savdosi: internet-makonning kontent-tahlili» mavzusida o‘tkazilgan kontent-tahlil tadqiqoti elektron ommaviy axborot vositalaridagi materiallarning ko‘pchiligi odam (xususan, yosh bolalar va chaqaloqlar) savdosi jinoyati bilan bog‘liq voqea va faktlarni yoritganini ko‘rsatdi.
Bu esa odam savdosi zamonamizning jiddiy jinoyati ekanidan dalolat beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA