English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosi – xavfsizlikka tahdid
15:37 / 2022-01-22

Navoiy viloyati Perinatal markazida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari ishtirokida yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun xizmat qilmoqda.

Inson huquqlari va erkinliklari daxlsizligini ta’minlash – Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillaridan biri sifatida belgilangan bo‘lsada, inson omiliga tahdid soluvchi transmilliy jinoyatlar kundan-kunga geografik jihatdan kengaymoqda.

Ana shunday transmilliy jinoyatlardan biri odam (chaqaloq) savdosidir. Davra suhbatida odam savdosi va uning oqibatlari haqida so‘z borib, bunday transmilliy jinoyatlarning inson xavfsizligiga xuruj qilayotgani bois, ulardan jabr chekayotganlar yil sayin ortib borayotganligi tahlil etildi.

– 2021 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan odam savdosi bilan bog‘liq 4 ta shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib tugatilgan, sudlanganlarning bir nafari voyaga yetmagan farzandini sotmoqchi bo‘lganida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan, – deydi Navoiy viloyat sudi sudyasi deydi Anvar Isoqov. – Garchi o‘tgan yil davomida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘rilmagan bo‘lsa-da, hushyorlikni yo‘qotmaslik, bu kabi og‘ir jinoyatning oldini olish ayniqsa, tibbiy xodimlar oldida turgan vazifalardan biridir. Ushbu jinoyatni sodir qilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bo‘yicha javobgarlik belgilangan bo‘lib, mazkur modda sanksiyasida 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Uchrashuv bahs-munozaralarga boy bo‘ldi, savollarga sudyalar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA