Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosi – noinsoniy, noqonuniy savdo
18:38 / 2021-11-27

Buxoroda “Odam savdosiga qarshi kurashishda milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Respublika "Istiqbolli avlod" ijtimoiy-axborot markazi tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, shuningdek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC), AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, “Winrock International” ning O‘zbekistondagi filiali, AQSH Davlat departamentining Huquq-tartibotni himoya qilish va xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha Byurosining (INL) moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.

Tadbir milliy va xalqaro miqiyosda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish orqali odam savdosiga qarshi kurashish, jinoyatni fosh etish va barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Anjumanda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida milliy va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash, odam savdosidan jabrlanganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, ijtimoiy sheriklikni kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

[gallery-4837]

Konferensiyada xalqaro va milliy ekspertlar odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va yanada samarali kurashishga yordam beradigan innovatsion yondashuvlar, muvaffaqiyatli amaliyotlar va tajribalarni namoyish etdi. Shuningdek, milliy darajada davlat hududi ichida va xalqaro darajada belgilangan mamlakatlardagi o‘zaro ijtimoiy hamkorlikning eng samarali usullariga, jinoyatga qarshi kurashish uchun idoralararo va davlatlararo hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Odam savdosi – og‘ir jinoyat. Bunday jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish jarayoni jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish, ularning reabilitatsiya va reintegratsiyasi, qaytadan odam savdosidan jabrlanishi oldini olish bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Bu soha mutaxassislaridan bilim, tajriba, malaka va zarur ko‘nikmalarni talab qiladi.

Faqat kuchlarni birlashtirib, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar tizimini yaratishda xalqaro va milliy tajribadan foydalanish, barcha manfaatdor tuzilmalarning o‘zaro ijtimoiy sherikligini mustahkamlash mumkin.

Respublika "Istiqbolli avlod" ijtimoiy-axborot markazi nodavlat notijorat tashkiloti 2001 yilda tashkil etilgan. Markaz 20 yildan ziyod vaqt mobaynida odam savdosi va boshqa turdagi zo‘ravonliklarga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyat yuritib keladi.

2004 yildan buyon odam savdosi oldini olish va ushbu turdagi jinoyatdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Dolzarb aloqa tarmog‘i” ishi yo‘lga qo‘yilgan. 2016 yilda boshlangan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan “Dolzarb aloqa tarmog‘i” loyihasi AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Huquq-tartibotni himoya qilish va xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha Byurosi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ushbu davr mobaynida O‘zbekistonning barcha hududlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan mamlakat tashqarisiga chiqqan va davlat ichida bo‘lgan O‘zbekiston aholisining “Dolzarb aloqa tarmog‘i”ga bo‘lgan murojaatlari qabul qilib kelinmoqda. Murojaatchilar ishga joylashish maqsadida xorijga xavfsiz chiqish haqida ma’lumotlar, shuningdek, odam savdosi, oilaviy zo‘ravonlik va boshqa turdagi zo‘ravonliklardan jabrlanganlar, himoyaga muxtoj zaif holatdagi migrantlarni vatanga qaytarishlarida yordam va huquqiy maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Loyihaning 5 yillik davri mobaynida markaz tomonidan 1 ming 400 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosiga Vataniga qaytishda yordam ko‘rsatildi.

2020 yilda boshlangan "O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatini oshirish orqali odam savdosi uchun jinoiy javobgarlikka tortishni mustahkamlash" loyihasi AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Huquq-tartibotni himoya qilish va xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha Byurosi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy yo‘nalishi jabrlanganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishini fosh etish, qo‘zg‘atish, tergov qilish va sudlov jarayonlarining barcha bosqichlarida huquqiy ko‘makni tashkil etishga qaratilgan.

Markaz 20 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa mutasaddi davlat organlari, tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni o‘rnatishga erishdi. Shu bilan birga, belgilangan davlatlardagi 20 dan ortiq odam savdosiga qarshi kurashish sohasida faoliyat yurituvchi NNT bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

Konferensiya ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali ham qatnashdi.  

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA