Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosi: hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat
07:01 / 2025-08-04

Bugungi kunga kelib sayyoramizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy va ko‘p tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirda unga qarshi kurashish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi jahon miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va yosh bolalardir. 

Bugungi kunda odam savdosi xalqaro miqyosdagi muammo bo‘lib, ushbu muammoni hal etishning yagona yo‘li, milliy qonunchilik tizimida mustahkam huquqiy asoslarni yaratishdan iboratdir. Bu masalaga davlatimiz tomonidan jiddiy yondashilib, odamlardan noqonuniy foydalanishga, ularning migratsiya va savdosiga qarshi kurashga oid chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu illatni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, O‘zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi. BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi. BMT tomonidan e’lon qilingan 30 iyul – Xalqaro odam savdosiga qarish kurashish kuni munosabati bilan har yili muntazam tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazib kelinadi.

2008 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2019 yilning 31 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 21 dekabrdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari yurtimizda odam savdosi jinoyatiga qarshi kurashishning milliy qonunchilik asoslarini yaratib berdi.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha odam savdosiga qarshi kurash borasida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va olingan tezkor ma’lumotlar asosida oltita holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Jumladan, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya Respublikasi kabi davlatlarga mazkur transmilliy jinoyatni amalga oshirmoqchi bo‘lgan kimsalarning rejalari fosh qilindi. 

O‘tgan davrda, joylarda 42 ta targ‘ibot va tushuntirish tadbiri, shu jumladan 17 ta ma’ruza va davra suhbati, 14 ta seminar o‘tkazilib, ularda mingdan ortiq fuqarolarning ishtiroki ta’minlandi. Shahar va tumanlarning aholi gavjum joylariga bannerlar, odam savdosining oldini olish bilan bog‘liq ibora va rasmlar aks etgan jami 1 ming 400 ga yaqin plakat hamda bukletlar tarqatildi. “Namangan” teleradiokanali orqali o‘ndan ortiq ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatildi. 

Viloyat IIB tomonidan boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar doirasida sakkiz nafar gumonlanuvchi va ayblanuvchi shaxslarga nisbatan tergov hamda sud harakatlari davom etmoqda.

Hozirda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan to‘qqiz nafar shaxsni ushlash va jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Namangan viloyati tegishli huquqni muhofaza qilish organlari, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosining oldini olish, ushbu turdagi jinoyatlarni aniqlash va sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo choralarini qo‘llashga qaratilgan tezkor-profilaktik va surishtiruv ishlari muntazam olib borilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.