Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosi – asr muammosi
16:33 / 2025-07-07

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi “Sayiljoyi” akademik litseyida “Odam savdosiga qarshi kurash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir “Adolat” SDP Jizzax viloyati Kengashi, viloyat adliya boshqarmasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi, “Istiqlol avlodi” nodavlat notijorat tashkiloti mas’ullari hamkorligida tashkil etildi.

Bugun asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida BMT ning bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan. Ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Mazkur davra suhbatida talaba yoshlarga hozirgi kundagi odam savdosining turli ko‘rinishlari, noqonuniy migratsiya, odam savdosi qurbonlari, chegara tanlamaydigan ushbu jinoyatning turlari, uning ayanchli oqibatlari va undan saqlanish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

– Ushbu tadbirimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad –yoshlarda odam savdosiga qarshi immunitetni shakllantirish, ularning bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyati Kengashi raisi Orif Shukurov. – Bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda bu borada tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Lekin shunga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Achinarlisi, ular orasida ayollar, keksalar va hatto yosh bolalarning ham borligidir. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri esa fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Eng yomoni, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan salkam 3 millionga yaqin kishi odam savdosining qurboniga aylanayotgan ekan. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 – 8 milliard AQSH dollaridan oshmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600-800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. Mazkur davra suhbati aynan ana shunday illatlarning oldini olishga qaratildi.

Shuningdek, tadbirda odam savdosiga qarshi kurashishda huquqiy savodxonlik va jamoatchilik ogohligi muhim ekanligi qayd etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi. 

A.Qayumov, O‘zA muxbiri