French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Odam savdosi: asosiy tendensiya va muammolar
20:05 / 2022-08-05

Har yili 30 iyul Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan odam savdosi sohasidagi asosiy tendensiya va muammolarni aniqlash maqsadida aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik erkaklar va xotin-qizlar, yoshlar, o‘rta va katta yoshdagilar, turli sohalarda band bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni tasdiqlaydiki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida qabul qilinayotgan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar odam savdosiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatda ushbu jinoyat turining tarqalishini qisqartirish imkonini berib, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularning huquqlarini nafaqat mamlakatda, balki uning tashqarisida ham himoya qilishga yordam bermoqda. Shuningdek, jamiyatda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar va ulardan jabrlangan fuqarolarga nisbatan shakllangan stereotip qarashlarni yengib o‘tishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

O‘tkazilgan tadqiq shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongida odam savdosi turli ko‘rinishlarga ega bo‘lib, shaxsning qadr-qimmatiga bevosita daxl qiladigan, haqiqatan ham insonni savdodagi oddiy tovar darajasida tahqirlaydigan, shaxsga qarshi shafqatsizlik bilan qilingan jinoyat ekanligini anglash ustuvorlik qiladi.

Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning eng ko‘p tarqalgan turlari – odamlarni bevosita sotish va sotib olish, qullik, erksizlik va qaramlik, erkaklar va ayollarning mehnat ekspluatatsiyasi, odamlarni ularning a’zolaridan foydalanish maqsadida sotish, bolalarni sotish va sotib olish hisoblanadi.

Odam savdosidan jabrlanganlar sonini odam savdosi muammosidan va mehnat migratsiyasiga otlanayotgan fuqarolar duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan aholini ogoh qilish yo‘li bilan sezilarli darajada kamaytirish mumkin.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 62,8 foiz fuqarolar jinoyatning ushbu turidan xabardordir, so‘rovning har beshinchi ishtirokchisi huquqbuzarlikning ushbu turi haqida “u-bu narsa eshitganini” bildirdi. Shunisi xavotirliki, 16,9 foiz respondentlar ushbu muammo to‘g‘risida, noqonuniy migratsiya jarayonida qullikka tushib qolish xavfi va odamfurushlar faoliyatining usullari haqida tasavvurga ham ega emas.

Ko‘pchilik fuqarolar odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan, ushbu jinoyatga qarshi kurashish, odam savdosidan jabrlanganlar va zamonaviy qullikning turlari va shakllari haqida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ko‘rsatuvlari orqaligina ogoh bo‘ladilar.

So‘rov natijalari Internet odam savdosi masalalarini yoritishda, uning ko‘lami va xarakterini aholi tomonidan tushunilishida, ushbu jinoyat turiga qarshi kurashishda davlat va huquq-tartibot organlari sa’y-harakatlarining jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini faollashtirishda ulkan salohiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi. So‘ralganlarning 42,8 foizi fikricha, odam savdosi muammosi va u bilan bog‘liq jinoyatlar to‘g‘risidagi axborotlarning asosiy manbasi internet-saytlar hisoblanadi, har to‘rtinchi respondent odam savdosining turli ko‘rinishlari haqidagi axborotlarni telegramm-kanallar orqali olishini qayd etadi.

So‘rovda shu narsa aniqlandiki, mahalliy ommaviy axborot vositalari jamoatchilikni odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabardor qilishda mavjud salohiyatlarini to‘liq amalga oshirmayaptilar.

So‘rov natijalari shuni aniqlashga imkon berdiki, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatchilikning paydo bo‘lishiga shart-sharoit yaratadigan omillar va sabablar turli-tuman bo‘lib, ko‘pincha jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-axloqiy sohalaridagi jihatlar bilan bog‘liq bir butun kompleks muammolarning natijalari hisoblanadi. Huquqiy madaniyat darajasining yetarli emasligi, ishga joylashish bilan bog‘liq qiyinchiliklar, moddiy muammolar, xorijda ishga qonuniy joylashish imkoniyatlari to‘g‘risida fuqarolarning yetarlicha xabardor emasligi va tegishli ruxsatnomasiz yoki rasmiy shartnomasiz boshqa davlatga ishga ketish bilan bog‘liq xavf-xatarlar to‘g‘risidagi axborotning mavjud emasligini fuqarolar odamfurushlar to‘riga tushib qolishning asosiy sabablari, deb bilishadi.

Fuqarolardan olingan javoblarning tahlili jamoatchilik fikrida odam savdosidan jabrlangan kishining qiyofasi har doim ham mavjud voqelikka mos kelmasligi va uning soddalashtirilgan hamda yuzakiligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, respondentlar odam savdosidan ko‘pincha sodda va ishonuvchan, o‘zganing ta’siriga tez beriluvchan va vaziyatni tanqidiy baholashga qodir bo‘lmagan 18-25 yoshlardagi yigit-qizlar jabrlanishadi, deb hisoblaydilar.

Ayni vaqtda, tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, so‘rov ishtirokchilari haqiqatan ham odam savdosidan nafaqat yoshlar, balki o‘rta yosh vakillari, bolalar va hatto yosh go‘daklar ham jabr ko‘rishlari mumkinligini ta’kidlashdi. Yollash bilan ko‘pincha tanishlar, qo‘shnilar yoki qarindoshlar ham shug‘ullanishadi. Bu yerda gap jabrlanganlarning soddadilligi va beg‘amligi haqida emas, balki jinoyatchilar tomonidan ko‘proq ushbu insonlarning ishonchini suiiste’mol qilish haqida ketayapti. Odam savdosi bilan bog‘liq vaziyatga tushib qolish uchun fuqarolarning ma’lumoti yetarli emasligi, mutaxassisligi bo‘lmasligi shart emas, yollovchilar changaliga ishidan ayrilgan va og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan fuqarolar ham tushishi mumkin.

Tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, fuqarolar turli tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borayotgan ishlari samaradorligi va natijadorligi darajasini umuman ijobiy baholaydilar.

Tadqiqot davomida aholi tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi eng ta’sirchan chora-tadbirlar aytib o‘tildi. Fuqarolarning fikriga ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik choralarining qat’iylashtirilishi jazoning muqarrarligini ta’minlovchi omil hisoblanadi. Lekin, so‘rov ishtirokchilari ta’kidlaganidek, odam savdosiga qarshi kurashishni faqat aybdorlarni aniqlash va ularni jazolashga tenglashtirish mumkin emas.

So‘rov ishtirokchilarining fikriga asosan, mamlakat mintaqalarida yangi ish joylarini yaratish va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, shuningdek, pul ishlash uchun boshqa mamlakatlarga chiqib ketayotgan fuqarolarni tegishli organlar tomonidan qat’iy nazorat qilinishini amalga oshirish odamlarning jinoyatchilar to‘riga tushib qolish xavfini kamaytiradi.

So‘rov natijalarining tahlili so‘nggi yillarda xalqaro muammoga aylangan odam savdosi jamoatchilik fikrida ijtimoiy-gumanitar jihatdan zamonamizning eng xavfli va og‘ir da’vatlaridan biri hisoblanadi, degan tasavvur ustuvorlik qilishini tasdiqlaydi. Uni faqat alohida olingan davlat, huquq-tartibot organlari yoki buning uchun yaratilgan maxsus tizimning sa’y-harakatlari bilan yengib bo‘lmaydi. Odam savdosiga qarshi kurashish davlat va jamiyatning, har bir fuqaroning ishi bo‘lib qolishi kerak. Odam savdosiga qarshi kurashish qonunchilik bazasining takomillashtirilishi, huquq-tartibot organlari ishining faollashtirilishi, o‘zaro hamjihatlik va xalqaro hamkorlik darajasining oshirilishi, odam savdosi jinoiy industriyasiga, shuningdek, kambag‘allikka qarshi kurashish, ishga joylashtirish masalalarining hal etilishi hamda ish o‘rinlarining ko‘paytirilishi, huquqiy savodxonlik to‘g‘risida aholining xabardorlik darajasini oshirish, odam savdosiga nisbatan jamiyatda shakllangan stereotip qarashlarni yengib o‘tish kabi jihatlarni qamrab oladigan kompleks yondashuvni talab etadi.

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik

fikrini o‘rganish Markazi.

O‘zA