Shu kunlarda futbol ixlosmandlari Yevropa chempionlar ligasi hamda Osiyo chempionlar ligasi bahslarini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Ushbu musobaqalardagi har bir o‘yin shiddatli va murosasiz o‘tishi bilan dunyo nigohida bo‘ladi. Osiyo chempionlar ligasida O‘zbekiston klublari ham ishtirok etayotgani bizni yanada quvontiradi.
Kuni kecha Osiyo chempionlar ligasining 1/8 final bosqichida “Nasaf” klubi Qarshida “Al-Ayn” bilan nursiz durangga erishdi. Har ikkala jamoada ham hisobni ochish uchun bir necha qulay imkoniyatlar bo‘ldi, biroq mazkur o‘yinda darvozalar daxlsizligi ta’minlandi. Lekin, shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, bahsning umumiy statistikasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ustunlik “Al-Ayn” tomonida ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Jumladan, o‘yin davomida “Nasaf” to‘pga egalik qilishda 41 foiz natija qayd etgan bo‘lsa, raqib jamoa 59 foiz to‘pni o‘zida ushlab turdi. Darvozalarga berilgan zarbalarda ham kichik ustunlik “Al-Ayn”da – 8-9. Biroq xavfli zarbalar bo‘yicha hisob 2-2 bo‘lsa, noaniq zarbalar hisobi 4-5. O‘yin davomida jami 9 marotaba burchak to‘p tepildi. Uning 6 tasi mezbonlar tomonidan, 3 tasi esa mehmonlar tarafidan amalga oshirildi.
Shu tariqa “Markaziy” stadionda o‘tgan o‘yinda yuqoridagi statistika qayd etildi. Darvoqe, kechagi bahsga 15 ming 186 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Shuningdek, kecha OCHL pley-off bosqichidan o‘rin olgan “Al-Fayha” “An-Nasr” uchrashuvida riyodliklar 0:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona golni 81-daqiqada Ronaldu kiritdi.
Bugun musobaqa doirasida Namangandagi “Markaziy” stadionda “Navbahor” va “Al-Ittihod” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da start oladi. Bahsni Iida Jumpei (Yaponiya) bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari – Kota Vatanabe, Takagi Takumi yordam beradi. VARda Kimura Xiroyuk, AVAR da esa Xiroki Kasaxara ishlaydi.
Mazkur o‘yin oldidan har ikki jamoaning guruh bosqichidagi natijalariga to‘xtalib o‘tamiz. Namangan klubi “D” guruhida 13 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rin sohibi sifatida 1/8 finaliga yo‘l oldi. “Navbahor” guruhda “Al-Hilol”, “Mumbay Siti” “Nassaji Mozandaron” kabi klublar bilan o‘yin o‘tkazdi va 4 g‘alaba hamda 1 tadan durang va mag‘lubiyatga erishdi.
Jidda klubi esa “S” guruhida 15 ochko jamg‘arib, kvartetda birinchi o‘rinni egalladi. “Al-Ittihod” guruh bosqichida “AGMK”, “Sepahon” va “Al-Quva” klublari bilan o‘zaro raqobatlashib, 5 g‘alaba va bir mag‘lubiyat natija ko‘rsatdi.
Musobaqaning guruh bosqichida qayd etilgan natijalardan shuni ko‘rish mumkinki, ustunlik “Al-Ittihod” klubi tomonida. Lekin hozirda ushbu jamoada bir qator yetakchi futbolchilar maydonga tushmaydi, xususan Karim Benzema. Nima bo‘lganda ham “Navbahor” guruh bosqichida kuchli raqiblarga, jumladan “Al-Hilol”ga qarshi safarda qanday o‘yin ko‘rsatgani hamon yodimizda. Umid qilamizki, bugungi o‘yinda ham vakillarimiz ishonchli o‘yin namoyish etadi.
Mazkur uchrashuvda “Navbahor” to‘liq ko‘k rangli libosda maydonga chiqadi. Saudiyalik futbolchilar esa oq rangdagi formada harakat qilishadi. Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Al-Ittihod” uchrashuvi soat 19:00da start oladi.
Shuningdek, bugun OCHL 1/8 finali doirasida “Sepahon” va “Al- Hilol” klublari ham o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu bellashuv soat 21:00 da boshlanadi.
Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final bosqichida qayd etilgan natijalar haqida to‘xtalamiz.
Kutilganidek, Parij shahrida “PSJ” va “Real Sosedad” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi va unda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning 58-daqiqasida Mbappe hisobni ochgan bo‘lsa, 70-daqiqada Barkolya oradagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. Shu tariqa, “PSJ” 5 mart kuni o‘tkaziladigan javob uchrashuvi oldidan katta ustunlikka ega bo‘lib oldi.
Ma’lumot uchun, ushbu jamoalar shu kunga qadar o‘zaro o‘yin o‘tkazishmagan va umumiy hisob 1:0 ko‘rinishini oldi.
Nimchorak final o‘yinlarining navbatdagi bahsida “Latsio” va “Bavariya” o‘zaro to‘qnash keldi. Mazkur uchrashuvda kutilmaganda “Bavariya” 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. O‘yinning 67-daqiqasida hakam Upamekanoga qizil kartochka ko‘rsatib, Myunxen jamoasi darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima to‘pini Immobile muvaffaqiyatli bajardi va jamoasi g‘alabasini ta’minladi.
Shu o‘rinda, bu jamoalar bugunga qadar musobaqa doirasida ikki o‘yinda o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. “Bavariya” har ikkala o‘yinda 2:1, 1:4 hisoblarida zafar quchgan. “Latsio”ning kechagi g‘alabasidan so‘ng umumiy hisob 2:1 ko‘rinishini oldi. Eslatib o‘tamiz, “Bavariya” hamda “Latsio” o‘rtasidagi javob uchrashuvi 5 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zbek futboli haqida ikki og‘iz. Barchamiz intiqlik bilan kutayotgan “Superliga – 2024” chempionatining birinchi tur o‘yinlari qaysi vaqtda boshlanishi ma’lum qilindi.
Quyida ushbu ro‘yxat bilan tanishasiz:
1-tur
“Navbahor” — “Dinamo” 1 mart, 18:30
“Nasaf” — “Olimpik” 1 mart, 19:15
“Bunyodkor” — “Qizilqum” 2 mart, 17:00
“So‘g‘diyona” — “Neftchi” 2 mart, 19:15
OKMK — “Andijon” 3 mart, 15:00
“Lokomotiv” — “Metallurg” 3 mart, 17:15
“Surxon” — “Paxtakor” 4 mart, 18:30
Andrey Fyodorov ismini eshitgan futbol muxlislari futbolimizning shonli o‘tmishini yodga oladi. Uning himoyadagi o‘yinlarini hech qachon esdan chiqarib bo‘lmaydi. O‘zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi Andrey Fyodorov endilikda Qozonning “Rubin-2” jamoasida faoliyat olib boradi. U jamoada katta murabbiy lavozimida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Andrey Fyodorov 2000-2008 yillarda aynan Qozon klubining “Rubin” safida o‘ynagan va 2008 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Jamoa tarkibida jami 127 ta o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol urgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA