Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasining g‘arbiy mintaqasida “A” va “B” guruhlarida 5-tur uchrashuvlari yakunlandi.
Jumladan, “B” guruhida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Andijon” jamoasi o‘z uyida “Arqadag‘” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazib, 1:1 hisobida durang qayd etdi. Natijada ushbu guruhda “Al-Ahli” 7 ochko bilan peshqadamligini saqlab qolgan bo‘lsa, “Al-Xoldiya” jamoasi 6 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rinda qoldi. “Andijon” 5, “Arqadag‘” esa 4 ochko to‘plab, 3-4 pog‘onalarda bormoqda.

Endi 6-turda “Andijon” safarda “Al-Ahli” bilan to‘qnash kelsa, “Arqadag‘” o‘z uyida “Al-Xoldiya” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

“A” guruhida 5-tur yakuniga ko‘ra, “Al-Vasl” ochkolarini 11 taga yetkazgan holda karvonboshilik qilmoqda. “Al-Muxarrak” esa 7 ochko bilan ikkinchi, “Istiqlol” 5, “Al-Vexdat” 4 ochkoga ega bo‘lib quyi o‘rinlardan joy oldi. Mazkur guruhning navbatdagi turidan “Al-Muxarrak” – “Istiqlol” va “Al-Vasl” – “Al-Vexdat” jamoalari bahsi o‘rin olgan.
Ikki guruhdagi 6-tur o‘yinlari 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA