Jamiyat rivoji idora va tashkilotlarning “Ochiqlik indeksi” talablarini qay darajada bajarishiga ham bog‘liq. Zero, ochiqlik bor joyda korrupsiya barham topadi, ochiqlik bor joyda sog‘lom raqobat qaror topadi.
Vazirliklar va boshqa tashkilotlarda ochiqlik qanday ta’minlanayotgani maxsus “Ochiqlik indeksi” asosida baholab borilmoqda. Bunda 84 baholash mezonidan tarkib topgan 8 indikator asosida baho qo‘yib boriladi.
Samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar - “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar - “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar - “qizil” toifalarga kiritiladi.
2022 yil yakuni bo‘yicha baholashda 86 vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, ulardan 21 tasi vazirlik, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 32 tasi davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda 19 tasi qo‘mita va agentliklardir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishida shu haqda gap bordi.
Majlisda elektron “Open.index” platformasi taqdimoti o‘tkazildi. Platforma orqali baholash tizimi to‘liq raqamlashtirilgan holda keng jamoatchilikka sohadagi amalga oshirilgan ishlarning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarini mazkur platforma orqali real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratildi.
Tadbirda ochiqlikni ta’minlash faoliyatini baholashda bevosita ishtirok etgan davlat organlarining har bir baholash indikatori bo‘yicha hisoboti eshitilib, 2022 yil uchun “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha komissiyaning yakuniy qarori qabul qilindi.
“Ochiqlik indeksi”ni baholashda umumiy 86 vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, uning natijasiga ko‘ra, 15 ta davlat organining ochiqlikni ta’minlash faoliyati “yashil”(71-100 ball), 44 tasi “sariq”(55-71 ball) va 27 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan baholangan.
Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari Statistika agentligi (89 ball), Bojxona qo‘mitasi (88 ball), Toshkent viloyat hokimligi (83 ball), Xorazm viloyat hokimligi (79 ball) va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (79 ball) tomonidan qayd etilgan.
Shu o‘rinda kimlar “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichi ro‘yxatiga tushdi, degan haqli savol tug‘iladi. Bu ro‘yxatning eng pastidan MTRK, “Yo‘lqurilish”, “Qishloqxo‘jalikinvest” kabi tashkilotlar joy olgan.
Majlisda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqida qaror qabul qilindi.
Tadbir yakunida ochiqlikni ta’minlashda eng yuqori samaradorlik ko‘rsatgan davlat organlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlari hamda sohani yoritishda alohida faollik ko‘rsatgan jurnalistlardan bir guruhi tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA