Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar hamda soliq boshqarmasi bo‘limlarining boshliqlari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilshod Bekmurodov Sirdaryo viloyati soliq xizmatlari organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat chora-tadbirlari, ularning amalga oshirilishi va natijalari haqida keng ma’lumot berib, jumladan shunday dedi:
– Hozirgi kunda soliq tizimida barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan va ular haqiqiy vaqt rejimida nazorat qilinadi. Bu inson omilini kamaytirish orqali soliq to‘lovchilar bilan organlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada shaffof qiladi va korrupsiya xavfini minimallashtirishga xizmat qiladi.

Sirdaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish va uning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omillarni barvaqt aniqlash maqsadida bir qator samarali chora-tadbirlar joriy qilingan. Soliq organlarida xodimlarning faoliyati ochiq va shaffof tarzda nazorat qilinadi, korrupsiya xavflari ilg‘or texnologiyalar orqali baholanadi va ularning oldi olinadi. Shuningdek, soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasidagi aloqada inson omilining roli kamaytirilgan. Bu choralar natijasida soliq tizimi yanada ochiq va shaffof bo‘lib bormoqda.
Hozirgi kunda Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi hamda uning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan soliq to‘lovchilarga 50 dan ortiq interaktiv xizmatlar taqdim etilmoqda. So‘nggi bir yilda yana 9 ta yangi xizmat joriy qilindi. Bu xizmatlar jismoniy va yuridik shaxslarga internet orqali davlat yoki xususiy tashkilotlar bilan real vaqtda muloqot qilish, hujjat va arizalarni elektron tarzda rasmiylashtirish, qog‘ozbozlikdan voz kechish hamda soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida korrupsion holatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Masalan, QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qaytarish jarayonida barcha arizalar va hisobotlar elektron platforma orqali yuboriladi. Bu xizmatlar samaradorligini oshiradi va korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaydi.

Soliq xodimlari orasida korrupsiya holatlarini aniqlash maqsadida aholi va tadbirkorlardan, shuningdek soliq xodimlaridan anonim so‘rovnomalar o‘tkaziladi. Bu jamoatchilik nazoratini mustahkamlaydi va xodimlar orasida shaffoflik muhitini yaratadi.
Sirdaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi samarali tizimni ta’minlash uchun alohida “Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi” faoliyat yuritmoqda. Soliq xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida 16 marotaba profilaktik yig‘ilishlar tashkil qilingan, shundan 4 marotaba huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Muhimi, korrupsiyaviy holatlar va ularning oldini olish maqsadida Soliq qo‘mitasining 1198 va 71-244-98-98 raqamli ishonch telefonlari, shuningdek soliq boshqarmasining 55-651-03-42 raqamli ishonch telefoni yoki dsq_anticorrupciya_bot telegram boti ishga tushirilgan. Soliq xodimlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida xabar berish mumkin. Barcha ma’lumotlar sir tutilishi kafolatlanadi.
– Fuqarolarning faolligi va tashabbuslari korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda asosiy drayver hisoblanadi. Har bir murojaat biz uchun qimmatli, – dedi Dilshod Bekmurodov.
Matbuot anjumani davomida Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi xodimlari OAV vakillari hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA