Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Guliston shahrida tadbirkorlar, bojxona omborlarining vakillari hamda deklaratsiyalovchi shaxslar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi va tadbirkorlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida mas’ul xodimlar tomonidan bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali inson omilini kamaytirish, korrupsiya xavflarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, viloyat bojxona boshqarmasi, bojxona postlari hamda bojxona omborlari faoliyati, ularda joriy etilgan ochiqlik va shaffoflik mexanizmlari xususida taqdimotlar va videoroliklar namoyish etildi. Bu esa ishtirokchilarga bojxona tizimidagi yangiliklar va qulayliklar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Muloqot ochiq va konstruktiv ruhda o‘tib, tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob olishdi.

Tadbir ishtirokchilari bunday ochiq uchrashuvlar ishonch muhitini mustahkamlash, soha faoliyatiga nisbatan shaffoflikni oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri