Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiqlik va shaffoflik – iqtisodiy taraqqiyot omili
14:43 / 2025-12-10

Bugun Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda agentlik direktori o‘rinbosari Abdullajon Otaboyev hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens bo‘yicha bosh mutaxassis Nosirjon Aminov ishtirokchilarga tashkilot faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat idoralarida korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash agentlikning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Bu jarayonda tashkilot korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga mas’uldir.

Agentlik direktorining o‘rinbosari Abdulla Otaboyev qayd etganidek, tashkilot tomonidan energetika sohasi siyosatini yuritish, xususiy kapitalni jalb etish tartib-tamoyillarini belgilash va erkin energetika bozorini shakllantirish kabi muhim vazifalar amalga oshirilmoqda. 

Sohaga xususiy investitsiyalarni kiritish, bozor tariflarini boshqarish va tegishli jarayonlarni tartibga solish agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Hozirda agentlikda 20 nafar xodim ishlaydi, shuningdek, 30 dan ortiq xorijiy maslahatchilar faoliyatga jalb etilgan. Soha bo‘yicha xalqaro tajriba tizimli o‘rganilmoqda. O‘tgan davrda qonunchilik bazasi tubdan yangilanib, barcha yo‘nalishlar qamrab olindi, iste’molchilarning huquq va majburiyatlari aniq belgilandi. Energetika sohasida faoliyat yuritadigan barcha tashkilotlar agentlikning maxsus sertifikatiga ega bo‘lishi tartibi kiritilgan. Bugungi kunda xalqaro moliya institutlari va Turkiya, Fransiya kabi mamlakatlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda. Jamoamiz ijtimoiy va ekologik faoliyatlarda ham faol ishtirok etmoqda, dedi A.Otaboyev.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens bo‘yicha bosh mutaxassis Nosirjon Aminov ta’kidlaganidek, agentlikda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan huquqiy me’yorlar va chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun asosida ishlab chiqilgan nizom talablari to‘liq ijro etilmoqda. Shu doirada tuzilgan komissiya faoliyati muhim ahamiyatga ega. Sohadagi yangiliklar, qabul qilinayotgan qonunlar va me’yoriy hujjatlarning ahamiyati yuzasidan muntazam tadbirlar tashkil etiladi. Ularda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa idoralar mutaxassislari ishtirok etib, xodimlarga zarur tushuncha va ko‘nikmalar berib boriladi. Umuman olganda, tashkilotimizda barcha jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi ta’minlangan, dedi N.Aminov.

Tadbir davomida aytib o‘tilgani kabi korrupsiya davlat va jamiyat rivojiga jiddiy tahdid soladi. U iqtisodiy jarayonlarni sekinlashtiradi, investitsiya muhitini zaiflashtiradi va aholi orasida ishonchni pasaytiradi. Shu sababli, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va xodimlar o‘rtasida murosasiz munosabatni shakllantirish korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy omili.

Tadbir yakunida ushbu tashkilot jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun doimo ochiq ekani alohida ta’kidlandi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA