Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ochiqlik siyosati va xorijiy investitsiya samara bermoqda(+video)
14:15 / 2026-01-20

Farg‘ona viloyati 2025 yilda erishgan natijalar har jihatdan salmoqli bo‘ldi. Masalan, 2020 yilda viloyat iqtisodiyotiga 322,3 mln dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan edi. 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 mlrd 781 mln dollarni tashkil etdi.

O‘tgan yili esa bu raqam 2,5 mlrd.dollarga yetdi. Uning asosiy qismi viloyatda yangi korxonalar bunyod etish, mahsulot turlarini ko‘paytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratildi. Albatta, xizmat ko‘rsatish sohasiga ham xorij investitsiyasi kirib keldi va bularning hammasi ochiqlik siyosati bilan bog‘liq edi.  

O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochilishi nafaqat uning siyosati, iqtisodi, eksport-importi, investitsiya sohalari, balki oddiy tadbirkorlar hayotida ham o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatdi. Buni Bag‘dod tumanidagi yangi ochilgan savdo markazi misolida ham ko‘rish mumkin.

Bu majmua viloyat markazi yoki rivojlangan shaharlarda emas, Bag‘dod tumanida qurilib foydalanishga topshirildi. Rastalarni O‘zbekiston va chet el mollari to‘ldirgan. Xaridor istagan kiyim-kechak bor. Mamlakatimizda milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi ochilgach, tadbirkor dunyo kezib istalgan mahsulotni olib kelyapti.  

– Qurilishga dastlab 1 mln.dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan edi. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich 3 mln.dollarga yetdi, – deydi ish yurituvchi Kamoldin G‘afforov. – Hozir savdo majmuasida 600 ta do‘kon qurilib, tadbirkorlarga topshirildi. Yana 120 ta quriladi.

Bag‘dodning bozori ilgari yo‘l chetlari, osti loy, toshliq maydonlarda, yoz jaziramasi-yu qish yomg‘irida ochiqda, tartibsiz holda bo‘lar edi. Mollarni yerga yoyib qo‘yishar, xaridor uchun ham hech qanday qulaylik bo‘lmagan. Xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgach. manzara tamomila o‘zgardi.

– Men tadbirkorlikni boshlaganimga 23 yil bo‘ldi, – deydi Gulsora Qosimova. – Shu yerdan 12 kvadrat metrli do‘kon ijaraga oldim. Oyiga 470 ming so‘m to‘layman. Uning ichiga elektr, qo‘riqlov, tozalov xizmatlari ham kiradi. Ilgari biz mollarimizni har kuni mashina kira qilib olib kelar va qayta olib ketar edik. 50 ming so‘mdan yo‘l kira berardik. Sahar kelib mollarni yoyardik. Ochiq bo‘lgani uchun sovuq o‘tib ketardi. Endi idora ishchisiga o‘xshaymiz. Soat 8 da kelib do‘konni ochamiz, 5 da qulflab uyga qaytamiz. Bizga juda qulay sharoit yaratildi.

Bozor ertalab ochilib kechda yopiladi. Qo‘riqlov xizmati bor. Yuzdan ortiq videokuzatuv kameralari mavjud. Yo‘laklar keng va xaridorga qulay. Hududda uchta sanitariya xizmati joylari tashkil qilingan.

O‘zbekiston bozorlariga xos bo‘lmagan yana bir yangilik joriy qilinibdi Bag‘dodda.

– Tumanning chekka qishloqlari yoki qo‘shni tumanlarga qatnovchi avtobus, mikroavtobuslar bozorga yo‘lovchilarni tekinga olib kelishini yo‘lga qo‘ydik, – deydi ish yurituvchi. – Aniqroq aytsak, bozorga keluvchilar yo‘l harajatini ma’muriyatimiz to‘lab beradi.

Bag‘dod savdo majmuasida bosh loyihaga asosan bu yil oshxona, restoran, avtomobillar turar joyi, yosh bolalar o‘yingohi ham quriladi. Va bularning hammasi xorijiy investitsiya hisobidan bo‘ladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZxRngZpyjtE" title="Ochiqlik siyosati va xorijiy investitsiya samara bermoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA